Avtomaktab xodimlarining rejasi ish bermadi
Buxoroda haydovchilik guvohnomasi olib berishni va’da qilgan avtomaktab xodimlari qo‘lga tushdi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda IIVning Buxoro viloyati boshqarmalari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tadbir davomida “B.R.” avtomaktab o‘qituvchisi B.H. hamda “Vatanparvar” tashkilotining Vobkent tumani bo‘limi o‘qituvchi-mexanigi J.S. fuqaro A.A.ni tanishlari yordamida haydovchilik guvohnomasini olish uchun bo‘lib o‘tadigan imtihondan o‘tkazib qo‘yish evaziga 300 AQSH dollarini olgan vaqtda ashyoviy dalil bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov,
O‘zA