Atrof muhitni asrash — insoniyatni asrash
Ekologik toza avtomobillar yoki “yashil” avtomobillar oddiy avtomobillarga qaraganda atrof-muhitga kamroq salbiy ta’sir ko‘rsatadi(mi?)
Nima uchun butun dunyo ekotransportga o‘tmoqda?
XXI asrda insoniyatni jiddiy tashvishga solayotgan muammolardan biri atrof muhit ifloslanishi va atmosferaga chiqarilayotgan turli chiqindi gazlarning inson salomatligiga zarari oldini olish hisoblanadi.
Zero, ekologik muammo chegara bilmaydi, mamlakatlararo transchegaraviy muammolarni keltirib chiqaradi va bu o‘z-o‘zidan, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarga, taraqqiyotga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Dunyo hamjamiyati tomonidan fan va texnika, iqtisodiy rivojlanish natijasida yuzaga kelayotgan turli masalalarni hal qilish, muammolarning oldini olishga doir bir qator xalqaro darajada amal qiladigan hujjatlar jumladan, “Iqlim o‘zgarishi konvensiyasi”, “Kioto protokoli” va “Rio deklaratsiyasi” qabul qilingan.
Mazkur hujjatlar iqlim o‘zgarishiga olib keluvchi salbiy omillarni kamaytirish, atrof muhit texnik ifloslanishining oldini olish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish orqali tabiiy muvozanat buzilishining oldini olish va aholi salomatligini asrashga qaratilgan tashkiliy chora-tadbirlar amalga oshirilishini nazarda tutadi.
So‘nggi yillarda Yevropada barqaror transport vositalari — elektromobillar, gibridlar, vodorod bilan ishlaydigan transport vositalari sotuvi ko‘paydi.
Yevropa avtomobil ishlab chiqaruvchilari assotsiatsiyasi - “Avtostat” tahliliy agentligi tomonidan e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi va Yevropa erkin savdo assotsiatsiyasi bozorlarida 500 mingdan ortiq shunday avtomobil xarid qilingan, bu o‘tgan yilga nisbatan 20,3 foiz ko‘p.
Amerika va G‘arb mamlakatlari
Muqobil transport turlariga qiziqish subsidiya hamda tegishli infratuzilmani yaratish orqali rag‘batlantirilmoqda. Misol uchun, Finlandiya hukumati yaqin yillarda elektr zaryadlash stansiyalari sonini keskin oshirishni rejalashtirmoqda. Finlandiya ko‘chalarida 2021 yil oxirida shunday ob’ektlar soni 2 mingta edi, 2030 yilga kelib bu raqam 25 mingga yetishi kutilmoqda.
Fransiyada velosipedchi bo‘lish foydali. Fevral oyida ishga tushgan hukumatning yangi dasturitga ko‘ra, avtomobildan elektr velosipediga o‘tgan fuqaro 200 yevrogacha kompensatsiya olishi mumkin.
Parij mutasaddilari allaqachon mashinalarni shahar ko‘chalaridan siqib chiqarishga kirishgan. Masalan, o‘tgan yil iyun oyida Fransiya poytaxtida ekologik toza transport turlari tarqalishini qo‘llab-quvvatlashga mo‘ljallangan yangi avtomatik ijara tizimi ishga tushirildi.
“Cityscoot” — nomi ostida Parijda qisqa muddatli ijaraga beriladigan elektr skuterlarni uchratish mumkin. Bundan tashqari “Autolib” elektromobil ijarasi va “Velib” velosipedlarni ijaraga berish xizmati ham yo‘lga qo‘yilgan.
“Cityscoot” majmualarida maxsus avtoturargoh mavjud emas, ya’ni skuterlar buning uchun ruxsat etilgan istalgan joyda to‘xtaydi. Bunday transport vositasini smartfonga ulangan maxsus dastur yordamida topish mumkin.
Fransiyada eski transport vositalaridan foydalanishga cheklov ham bor.
Eng qizig‘i, mamlakat poytaxtida 1997 yilgacha ishlab chiqarilgan avtomobillar, shuningdek, 2000 yilgacha ishlab chiqarilgan mototsikl va skuterlardan ish kunlarida foydalanish mumkin emas, taqiq 8:00 dan 20:00 gacha amal qiladi.
— Shahar aholisi me’yoriy havodan nafas olish huquqiga ega, - deya o‘z qarorini oqlaydi Parij meriyasi rahbarlaridan biri.
Xususan, Buyuk Britaniyada transport vositalaridan karbonat angidrid gazi miqdoridan kelib chiqib, yillik soliq undiriladi.
Amerikada atrof-muhitni transport vositalaridan muhofaza qilish maqsadida, barcha soliq to‘lovchilarga avtotransport vositasining og‘irligi va sotib olingan yilidan kelib chiqib, 4000 AQSH dollaridan 40,000 AQSH dollarigacha, shuningdek, yonilg‘i tejaydigan, jumladan, elektr transport vositalarini sotib olish uchun 1000 AQSH dollaridan 4000 AQSH dollarigacha soliq kreditlari berilgan. Bunda sarflangan mablag‘ soliq solinadigan daromaddan chegiriladi. Asosiy maqsad, atrof-muhitga transport vositalaridan chiqariladigan karbonat angidrid gazini kamaytirish.
Oq uy ma’lumotiga ko‘ra, hozir AQSH yo‘llarida 400 mingga yaqin elektromobil harakatlanadi.
Osiyo mamlakatlari
Osiyo mamlakatlari yo‘llarida ham bunday mashinalar tobora ko‘paymoqda. Avtomobil transporti dunyoning aholi eng zich yashaydigan shaharlaridan biri bo‘lgan Pekinda havo ifloslanishida asosiy manbalardan biridir.
So‘nggi yillarda Xitoy hukumati atrof-muhitga zararni kamaytirish uchun ekologik toza transport turlarini rivojlantirishga qaratilgan dasturni amalga oshirmoqda.
Chin mamlakatida “yashil” avtomobil xarid qilganlar uchun turli subsidiya va imtiyozlar taqdim etiladi.
Xitoy elektromobil va gibrid savdosi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egallaydi. O‘tgan yili mamlakatda 507 ming dona shunday avtomobil sotilgan.
Mamlakatning uchta yirik metropoliyasi - Pekin, Shanxay va Shenjenda keng ko‘lamli elektr transport vositalarini quvvatlantirish tarmog‘i yo‘lga qo‘yilgan.
bugungi kunga qadar dunyoda 1 milliondan ortiq “yashil” Xitoy avtomobili sotilgan.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi 5 yil ichida Xitoy elektromobillarining akkumulyator sig‘imi deyarli 3 baravar oshib, narxi 60 foiz tushdi. Xavfsizligi bois, bunday mashinalarga Xitoyda talab sezilarli darajada kuchaydi.
Mamlakat hukumati aholi orasida elektromobil ommabopligini yanada oshirishni ko‘zlayapti. Shu maqsadda joriy yil oxirigacha 800 mingga yaqin elektr quvvatlash shoxobchasi barpo etish rejalashtirilgan.
Yaponlar ham atrof-muhitga ziyon yetkazmaydigan transport turlarini afzal ko‘radi. Kun chiqar yurt avtomobil ishlab chiqaruvchilar assotsiatsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yili “Toyota Prius” gibridi 248 000 donadan ko‘p sotilib, ichki sotuvda yetakchilikni qo‘lga kiritdi.
Gibrid qurilmalarga ega avtomobillar soni o‘sishi va dvigatel uchun qat’iy ekologik qoida tufayli Yaponiyaning yirik shaharlarida, jumladan, Tokioda havoning kuchli ifloslanishi, deyarli, kuzatilmaydi.
Mahalliy ishlab chiqaruvchilar ekologik toza texnologiyalarga tayanadi. Masalan, Toyota 2050 yilgacha benzinli avtomobil ishlab chiqarish va sotishdan butunlay voz kechib, gibrid hamda yonilg‘i hujayrali avtomobildan foydalanish rejasini ishlab chiqqan.
Prezidentimizning 2019 yil 30 oktyabrda e’lon qilingan “2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining Atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni bilan 2022 yil 1 yanvardan boshlab zaharlilik darajasi ”Yevro-4” ekologik toifa talabiga mos kelmaydigan gaz, benzin va dizel dvigateli bilan jihozlangan ”M” va ”N” toifalaridagi g‘ildirakli transport vositalaridan foydalanish, shunday mashinalarni sotish man etildi.
Hozirda mamlakatimizda jamoat transportini yanada rivojlantirish faqat ekologik toza transport turlarini sotib olishga qaratilgan. Bu o‘z navbatida ekologik toza avtomobillar ulushini oshiradi.
Olimlar tadqiqoti, mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, agar elektromobillarni rivojlantirish ustida olib borilayotgan ishlar samarali tashkil etilsa, 2040 yilga kelib dunyodagi yengil avtomobillarning 35 foizi yoki 41 millionga yaqini elektr toki orqali harakatlanadi. Natijada bir kunda 13 million barrel tozalanmagan neft mahsuloti tejab qolinadi, atrof muhitga salbiy gazlar ta’siri sezilarli darajada kamayadi.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, jahon amaliyotidan ko‘rinib turibdiki, ekologiyaga kam zarar yetkazuvchi gibrid avtomobillarni ishlab chiqarish va foydalanishga topshirish bugungi kun uchun juda ham muhim. Zero, bu orqali transport vositasidan atrof-muhitga chiqadigan zararli gaz miqdorini qisqartirish, insonlar sog‘lig‘ini, tabiatni asrash, shuningdek mamlakatlarda energiya xavfsizligini ta’minlashga erishiladi.
Internet materiallari asosida
Ulug‘bek MAHMIRZAEV tayyorladi,
O‘zA