Atrof-muhitga inson omilining ta’siri
Insonni atrof-muhit va uni o‘rab turgan tabiat bilan munosabati asosiy ekologik muammolardan biridir. Inson yashash jarayonida atrof-muhitga doimo o‘z ta’sirini o‘tkazadi.
Ayniqsa, bugungi kunda bu ta’sir juda sezilarli bo‘lib qolgan. Yer yuzida aholi sonining tez sur’atlar bilan o‘sib borishi natijasida, aholi ehtiyojlarini ta’minlash hamda qondirish uchun ishlab chiqarish korxonalari sonining muttasil oshib borishi, tabiiy resurslarni ko‘plab ishlatilishi, transport vositalari soni va turlarining ko‘payib borishi kuzatilmoqda. Buning oqibatida, insonni atrof-muhitga ayovsiz ta’sirida tabiatdagi antropogen o‘zgarishlar ko‘lami kengayib bormoqda.
Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlash va xavfsizligini oshirish, ekologik osoyishtalikni ta’minlash, chiqindilarni qayta ishlash tizimini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor berilmoqda. Ekologik xavfsizlikni ta’minlashga muhim siyosiy masala sifatida qaralmoqda. Orol dengizining qurigan tubida o‘rmonzorlar barpo etilib, Orolbo‘yidagi shahar va tumanlarni rivojlantirishga qaratilgan dasturlar jadal amalga oshirilmoqda. Atrof-muhitni va aholi salomatligini muhofaza qilish maqsadida chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlash bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, chiqindi tizimini tartibga solish – hayotimiz, sog‘lig‘imiz uchun eng muhim vazifalardan biri. Bu inson salomatligi va xavfsizligi, millat kelajagi bilan bog‘liq dolzarb masaladir.
bugungi kunda dunyo miqyosida chiqindilar muammosi eng dolzarb ekologik masalalardan biriga aylanib bormoqda. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, so‘ngi yillarda maishiy va sanoat chiqindilari yildan-yilga ko‘payib boryapti. Ayniqsa, XXI asrda maishiy chiqindilar hajmining o‘sishi ekologik barqarorlikka juda katta salbiy ta’sir ko‘rsata boshladi.
Mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, aholi salomatligini ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, sanitariya va ekologik holatni yaxshilash borasida izchil ishlar olib borilmoqda. Ishlab chiqarish sohalarini zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash va qayta jihozlash natijasida atmosferaga chiqarilayotgan zararli moddalarning miqdori 2,1 martaga, oqava suvlarning tashlanishi 2 martaga kamaygan.
Jumladan, mamlakatimizda qabul qilinayotgan qonun, farmon va qarorlar chiqindilarning fuqarolar hayotiga va sog‘lig‘iga, atrof-muhitga zararli ta’sirining oldini olish hamda chiqindilar hosil bo‘lishini kamaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Mazkur hujjatlar chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish borasida aniq vakolatli davlat organini belgilash, mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, sohada faoliyat ko‘rsatayotgan yuridik shaxslarga shart-sharoit yaratib berish, ishlab chiqarish chiqindilarini qayta ishlash, maishiy ro‘zg‘or chiqindilarini utilizatsiya qilishni tashkil etgan holda atrof-muhitga, insonlar sog‘lig‘i va mulkiga salbiy ta’sirini kamaytirish bilan bog‘liq me’yorlarni belgilanishiga xizmat qilayotir.
Chiqindilarni qayta ishlash sohasini rivojlantirishda iqtisodiy usullardan foydalanishni yo‘lga qo‘yish, xorijiy investitsiyalarga yo‘l ochish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish hisobiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishning huquqiy asoslarini mustahkamlash juda muhim.
Ayrim zavodlar havoga me’yordan ortiqcha tashlanma chiqarib, atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bunday holatlar fuqarolarning haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.
Bu borada ham mamlakatimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, har bir hudud havo ifloslanishini tezkor tahlil qiladigan mobil laboratoriyalar bilan ta’minlanayotir. Atrof-muhitga yuqori va o‘rta xavfli yirik sanoat korxonalarida zamonaviy lokal tozalash inshootlarini o‘rnatish va mavjudlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Bularning barchasi mamlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlash va xavfsizligini oshirish, ekologik osoyishtalikni ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Saodat Hafizova,
Toshkent shahri
Yangi hayot tumanidagi
285-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi