Atrof-muhit musaffoligi o‘z qo‘limizda
Toshkent viloyatining ayrim hududlarida atmosfera havosining ifloslanishi darajasini kamaytirish va ifloslantiruvchi gazlarning belgilangan me’yordan ortib ketishi sabablari, energiya resurslaridan noqonuniy foydalanilishi holatlarini aniqlash maqsadida o‘rganish o‘tkazildi.
O‘rganishlar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Davlat ekologik nazorati inspeksiyasi, viloyat Ekologiya boshqarmasi, Favqulodda vaziyatlar bo‘limlari, Milliy gvardiya hamda Ichki ishlar xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan amalga oshirildi.
Unda Toshkent shahri va Toshkent viloyati bilan chegaradosh bo‘lgan Toshkent halqa avtomobil yo‘li bo‘ylab 9 ta nuqtadan havoning ifloslanishi bo‘yicha ko‘chma laboratoriya orqali tahlil qilindi. Natijada ifloslantiruvchi moddalar miqdori ortib ketganligi aniqlandi. Xususan, issiqxonalarda o‘rganish, tushuntirish va profilaktika tadbirlari olib borildi. Zangiota tumanida 16 ta, Qibray tumanida 10 ta, Toshkent tumanida 4 ta manzil ko‘zdan kechirildi.
Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 7 sentyabrdagi “Atrof-muhitga ta’sirni baholash mexanizmini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, issiqxonalar tabiiy gaz, ko‘mir va boshqa yonilg‘i turlarida ishlovchi atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning alohida toifasiga mansub korxonalar hisoblanadi. O‘rganishlar davomida ekologik talablarga rioya qilmagan fuqarolar issiqxonalarda chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish, rezina qoldiqlari va boshqa chiqindilardan yoqilg‘i sifatida foydalanmaslik yuzasidan ogohlantirildi.
Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra, Toshkent viloyati hududida atmosfera havosiga ta’sir qiluvchi nazorat ostiga olingan ob’ektlar soni 2 ming 82 tani tashkil etadi. O‘tgan yili shu toifadagi korxonalardan havoga 425 ming tonnadan ziyod zararli tashlanmalar chiqarilgan. Shuni e’tiborga olib, ayrim korxonalar modernizatsiya qilinmoqda.
A.Musayev, O‘zA