Atrof-muhit muhofazasi: qaror va ijro
Prezidentimizning 2022 yil 27 apreldagi “Jizzax viloyati tabiatni muhofaza qilishga oid qonunchilik ijrosini ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori soha rivoji, jumladan, Jizzax viloyatidagi ekologik muvozonatni barqarorlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur qarorga asosan Bosh prokuratura tizimida 8 ta shtat birligidan iborat bo‘lgan “Zomin tabiatni muhofaza qilishga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazorat va yerlardan noqonuniy foydalanishni bataraf etish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan prokuratura” tashkil etildi. Bu Zomin tog‘li hududidagi tabiatni, noyob va Qizil kitobga kiritilgan o‘simliklar, 11 turdagi hayvonot dunyosini asrab qolish va nazoratini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu bilan birga “Zomin” turistik-rekratsion zonasi hududida sohada qonun buzilish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish choralarini ko‘rish, muhofaza hudud cheragalarini belgilash hamda maxsus himoya to‘siqlarini o‘rnatish orqali o‘simlik va hayvonot dunyosi ob’ektlarini saqlab qolish harakatini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 9 noyabrdagi “2020-2022 yillarda Jizzax viloyatining Zomin tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Jizzax viloyatining Zomin tumani “Suffa” platosi hududida “Zomin” turistik-rekratsion zonasini tashkil etish uchun 700 gektar yer maydoni ajratilib, bunda turistik-rekratsion zona hududida zamonaviy mehmonxona majmualari, madaniy-sog‘lomlashtirish, savdo-ko‘ngilochar va turistik ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa ob’ektlarni qurish, shuningdek, zamonaviy muhandislik infratuzilmasi ob’ektlarini tashkil etish belgilangan.
Mazkur qarorga asosan Bosh prokuratura, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi xodimlari o‘zaro hamkorlik doirasida o‘simlik va hayvonot dunyosi, atmosfera havosini, suv, yer va yer osti boyliklarni muhofaza qilish, chiqindilar bog‘liq ishlarni amalga oshirishga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot hamda nazorat reyd tadbirlarini olib borish yo‘lga qo‘yiladi.
Noqonuniy o‘zboshimchalik bilan yerlarni egallab olinishi hamda ularda noqonuniy qurilmalar qurilishining oldini olish bo‘yicha doimiy choralar ko‘rib borish, o‘rmon va suv fondi yerlaridan maqsadli hamda samarali foydalanish ustidan doimiy monitoring olib borish, “Zomin” turistik-rekratsion zonasi hududining ekoturizm salohiyatini yanada rivojlantirish, turistlar sayohati uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, yangi turizm yo‘nalishlarini tashkil etish, turistlar oqimini yanada ko‘paytirish bo‘yicha belgilangan vazifalarni ijro etilishiga ko‘maklashish vazifalari bajarilishi ta’minlanadi.
Erkin Xolmatov,
Jizzax viloyati ekologiya va atrof-muhitni
muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i.
O‘zA