"Atletiko" Xulian Alvaresni "Barselona"ga sotmasligini rasman ma'lum qildi
Hatto 200 million yevrolik taklif ham yordam bermaydi.
Xulian Alvaresning "Barselona"ga o‘tishi haqidagi gap-so‘zlarga "Atletiko" rasmiy munosabat bildirdi. Madrid klubi argentinalik forvard masalasida katalaniyaliklar bilan muzokara stoliga o‘tirmasligini ma'lum qildi.
Bu qaror klub direktorlar kengashi tomonidan bir ovozdan qabul qilingan. "Atletiko" rahbariyati transfer muzokaralarida klublar o‘rtasidagi professional munosabat va o‘zaro hurmat birinchi o‘rinda turishi kerak, deb hisoblaydi.
Madridliklar "Barselona" tomonidan Alvaresga bildirilgan qiziqish jarayonida bu tamoyillarga amal qilinmagan, degan fikrda. Shu sababdan klub hujumchining ehtimoliy transferi bo‘yicha hozirga qadar hech qanday muzokara bo‘lmagani va bundan keyin ham bo‘lmasligini ochiq bildirgan.
"Atletiko"da Alvaresning ham klub pozitsiyasini qabul qilishi va butun e'tiborini jamoa oldidagi vazifalarga qaratishi kutilmoqda.
Mazkur munosabat "Barselona" prezidenti Joan Laporta argentinalik futbolchiga qiziqish hamon mavjudligini aytganidan so‘ng bildirildi. Laporta katalaniyaliklarning taklifi transfer oynasi yakuniga qadar kuchda qolishini ham ta'kidlagan edi.
"Atletiko" bosh ijrochi direktori Migel Anxel xil Marin esa bundan avval Alvaresni sotish klub rejasiga kirmasligini, hatto 200 million yevrolik taklif ham bu pozitsiyani o‘zgartirmasligini aytgan.