Asrlar davomida noma’lum bo‘lgan noyob qo‘lyozma universitet kutubxonasidan topilgan edi
O‘tgan asrning o‘rtalarida Toshkent davlat universiteti kutubxonasida saqlanayotgan bir qo‘lyozma chuqur o‘rganilgach, uzoq yillar davomida yo‘qolgan deb hisoblangan, XIV asrga oid ulkan qomusiy manba ekani ma’lum bo‘ldi.
Yurtimiz qo‘lyozma xazinalarida saqlanayotgan noyob manbalar o‘tmishdagi yuksak aqliy madaniyat, ilmiy muhit va xalqaro aloqalarning guvohidir. Badriddin Ibrohimning uzoq vaqt davomida faqatgina keyingi davr manbalaridagi qisqa iqtiboslar orqaligina ma’lum bo‘lgan, biroq asl nusxasi yo‘qolgan deb hisoblangan “Zafango‘yo va jahonpo‘yo” (“So‘zlovchi va jahonni kezuvchi”) nomli izohli lug‘ati ana shunday asarlardan biridir. Ushbu asar XV–XVII asrlarda tuzilgan qator nufuzli manbalarda muhim qo‘llanma sifatida muntazam tilga olingan bo‘lsa-da, uning to‘liq matni bir necha yuz yil mobaynida olimlarga noma’lum bo‘lib kelgan edi.
Mazkur yo‘nalishdagi muhim ilmiy yangilik 1964-yilda yuz berdi. Sharqshunos olim Solomon Bayevskiy Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) kutubxonasida saqlanayotgan va muqovasiga umumiy tarzda “Farhangnoma” deb yozib qo‘yilgan 809/292-raqamli qo‘lyozmani sinchkovlik bilan ko‘rikdan o‘tkazadi. Manbashunoslik tahlillari ushbu nusxa aynan ilmiy jamoatchilik qidirayotgan “Zafango‘yo va jahonpo‘yo” asari ekanini isbotladi. Qo‘lyozma 1711-yilning 6-avgustida (hijriy 1123-yil jumadissoniy oyining 21-kuni) ko‘chirilgan bo‘lib, kotib o‘zini Nasaf shahri bilan bog‘laydi. Shu tariqa, Toshkentdagi qo‘lyozmalar xazinasi sharq lug‘atchilik tarixining yana bir noma’lum sahifasini yoritishga xizmat qildi.
Sharqshunos Solomon Bayevskiy o‘z tadqiqotlarida ta’kidlaganidek, Badriddin Ibrohimning mazkur asari o‘sha davrgacha shakllangan lug‘atchilik tamoyillarini sezilarli darajada yangiladi. Ilgari yaratilgan lug‘atlar asosan she’riyat talablariga moslashtirilib, so‘zlar qofiyadoshlik tartibida joylashtirilgan bo‘lsa, “Zafango‘yo va jahonpo‘yo” amaliy muloqot, hunarmandchilik, iqtisodiy aloqalar va kundalik hayot ehtiyojlarini ham qamrab olgan. Muallif an’anaviy usuldan voz kechib, so‘zlarni bosh harfi bo‘yicha tartiblash yo‘lini tutganki, bu hol kerakli ma’lumotni tez topish imkonini beruvchi ilg‘or yondashuv edi.
Qo‘lyozma 5170 dan ortiq lug‘at maqolasini o‘z ichiga olgan bo‘lib, yetti yirik bo‘limdan iborat. Asarning har bir qismi aniq bir mavzular guruhiga bag‘ishlangan: bir va ikki o‘zakli mustaqil so‘zlar, qarindoshlik atamalari, kiyim-kechak, bezaklar, qishloq xo‘jaligi qurollari, og‘irlik o‘lchovlari, tabobat va o‘simlik nomlari alohida ajratilgan. Uchinchi bo‘limda esa fe’llarning bosh shakllari muayyan qoidalar asosida jamlangan. Boshqa tillardan o‘zlashgan so‘zlar ham to‘rtinchi va beshinchi bo‘limlarda kundalik turmush, hunarmandchilik hamda kasb-kor sohalari bo‘yicha tasnif etilgan.
Manbaning Markaziy Osiyo madaniy tarixi uchun eng qimmatli jihati uning yettinchi qismida o‘z ifodasini topgan. Solomon Bayevskiy ko‘rsatib o‘tganidek, unda qadimiy turkiy atamalar, sonlar, ro‘zg‘or buyumlari, hayvonot va nabotot olamiga oid boy lug‘at boyligi alohida bo‘lim sifatida tizimga solingan. Bu dalil o‘sha zamonlardayoq turkiy so‘zlarning mintaqaviy muomalada muhim mavqega ega bo‘lganini tasdiqlaydi.
Qo‘lyozma varaqlarida matn 18 satrdan iborat qora siyohli nasta’liq xatida bitilgan bo‘lib, so‘zlarning to‘g‘ri talaffuzi, nozik ma’no qirralari va mahalliy sheva xususiyatlari batafsil izohlangan. Asar yakunidagi ko‘chma ma’noli iboralar tahlili esa tilshunoslikning murakkab sohalaridan biri bo‘lgan iborashunoslikni shakllantirishda jiddiy tajriba bo‘lib xizmat qiladi. Toshkentda saqlanib qolgan mazkur qo‘lyozmaning ilmiy jarayonga qaytarilishi yurtimizda kitobat san’ati nechog‘lik teran ildizga ega ekanini isbotlovchi dalildir.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA