Asr ayoli qanday bo‘lishi kerak?
Namanganda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat kengashi tomonidan “XXI asr ayoli” Respublika ko‘rik-tanlovinining viloyat bosqichi o‘tkazildi.
Tanlovning ochilishida aytilganidek, ayollarsiz hayotni, taraqqiyotni tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ular jamiyatning yetakchi kuchlari, mohir va uddaburon murabbiylari, mehribon va oqila tarbiyachilaridir.
Kelajagi buyuk davlat qurish borasida biz, eng avvalo, yosh avlodga tayanamiz. Farzandni kamolga yetkazish oilaviy tarbiyani to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishdan boshlanadi.

Oiladagi o‘g‘il-qizlarimizning qanday insonlar bo‘lib yetishishi ayollarimizga bog‘liq. Partiyaning 26 ming 474 a’zosining 11 ming 510 nafari xotin-qizlardan iborat. Bu raqamlarning 5 ming 200 nafari Namangan davlat universiteti talaba-yoshlari hissasiga to‘g‘ri kelsa, ulardan 2 ming 230 nafarini aynan qizlar tashkil etadi.
Ayni shu jihatlarni e’tiborga olgan holda, tanlov mezbonligi uchun mazkur oliy ta’lim dargohi tanlangani bejiz emas. Qolaversa, ko‘rik-tanlovda ishtirok etish uchun O‘zMTDP viloyat kengashi “Ayollar qanoti” tomonidan universitetning 11 nafar talaba qizi saralab olindi.
Ko‘rik-tanlovning birinchi shartiga ko‘ra, tanlov ishtirokchilari yozgan diktantlarini Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi rahbari baholab bordi. Talaba-qizlarda milliy g‘urur, Vatanga sadoqat, qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini oshirishga, kelajakda ularni oila va jamiyatda munosib o‘rin egallashlarini hisobga olgan holda, ikkinchi shart bo‘yicha, ular an’anaviy, milliy qo‘shig‘imiz - Allani ijro etishlari kerak bo‘ldi. Lobar va bilimdon qizlar onalar ijro etadigan xalqona qo‘shiqni maromiga yetkazib ijro eta oldi.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 2020-2024 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturi yo‘nalishlari asosida ijtimoiy loyihalar taqdimoti tanlovning uchinchi shartida taqdim etildi. Filologiya fakulteti talabasi Husnora Abdurahmonova, matematika fakulteti talabasi Mushtariy Po‘latova, jismoniy madaniyat fakulteti talabasi Nilufar Shodmonova tuzgan loyihalar barchaga birdek ma’qul keldi.
Hakamlar hay’ati tomonidan ishtirokchilarning to‘plagan ballari e’lon qilingach, partiyaning viloyat kengashi raisi Ahmadjon A’loxo‘jayev ishtirokchi qizlarni tabrikladi. Tanlovda g‘oliblikka sazovor bo‘lgan Namangan davlat universitetining huquqshunoslik fakulteti talabasi Mastura Zokirjonova “XXI asr ayoli”ning Respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Ko‘rik-tanlov yakunida ishtirokchi qizlarning murojaatlariga ko‘ra, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” partiyasi safiga qabul qilindi. Ularga partiyaning a’zolik guvohnomalari hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA