Asossiz xavotir: bugun o‘qiyotgan farzandimning ertaga egallaydigan kasbini sun’iy intellekt butunlay tortib olmaydimi?
Biz insoniyat tarixidagi eng tezkor va shiddatli transformatsiya davrida yashamoqdamiz. Kechagina fantastik filmlar syujeti bo‘lib tuyulgan texnologiyalar bugun kundalik hayotimiz va mehnat bozorining ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Bugungi kunda an’anaviy kasblar o‘z o‘rnini raqamli ko‘nikmalarga bo‘shatib berayotgan bir paytda, yosh avlodni ertangi kunga tayyorlash hayotiy zaruratga aylandi. Bu jarayonda axborot texnologiyalari (IT), sun’iy intellekt va kreativ iqtisodiyot yoshlarimizni kelajak kasblariga yetaklovchi, ularning global miqyosda raqobatbardosh bo‘lishini ta’minlovchi uchta asosiy ustundir. Bu sohalar shunchaki yangi ish o‘rinlari emas, balki yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun cheksiz imkoniyatlar olamidir.
Joriy yil 28-avgust kuni Yangi Toshkentda mustaqilligimizning o‘ttiz besh yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali marosimda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev kelgusi o‘n yillikni mamlakatimiz uchun “milliy yuksalish davri” deb atadi va inson qadrini yanada yuksaltirishga qaratilgan yettita milliy dasturni e’lon qildi. Nutqdagi ko‘plab muhim fikrlar orasidagi bir jumla, ayniqsa, yoshlarimiz va ota-onalar uchun alohida e’tiborga loyiqdir: “Shu bilan birga, IT, sun’iy intellekt, kreativ iqtisodiyot kabi yo‘nalishlar rivojiga yangi ruh berib, juda katta harakatni boshlab yubordik. Bu orqali 10 million yoshlarimizni raqamli industriya va kelajak kasblariga olib kiramiz.” Bir qarashda qisqa bo‘lib tuyuladigan, shu jumladan, butun bir avlod taqdiriga daxldor strategik vazifa mujassam.
Davlatimiz rahbari nutqida belgilangan ushbu vazifaning mazmun-mohiyati, yoshlarimiz oldida ochilayotgan imkoniyatlar va ularning huquqiy jihatlari haqida Toshkent davlat yuridik universiteti Huquq va texnologiyalar sho‘’basi mudiri, yu.f.f.d., dotsent vazifasini bajaruvchi Dilshodjon Egamberdiyev bilan suhbatlashdik.

– Prezidentimiz nutqida tilga olingan “raqamli industriya” va “kelajak kasblari” iboralari oddiy inson uchun biroz mavhum tuyulishi mumkin. Avvalo, IT degani aslida nima? Raqamli texnologiyalar bugungi oddiy fuqaroning kundalik hayotini qay darajada o‘zgartirib ulgurdi?
– Bu savolga oddiy misoldan boshlab javob bersam. IT, ya’ni axborot texnologiyalari – ma’lumotni yig‘ish, saqlash, qayta ishlash va bir joydan ikkinchi joyga yetkazish uchun ishlatiladigan vositalar va usullar majmui. Kompyuter, smartfon, internet, dasturlar, mobil ilovalar, ma’lumotlar bazalari – bularning barchasi IT olamining bir qismi. Oddiy qilib aytganda, IT – bugungi hayotimizning ko‘rinmas “asab tizimi”. Bir necha yil oldin kommunal to‘lov uchun navbatda turardik, ma’lumotnoma olish uchun idorama-idora yurardik. Bugun esa mobil banking, elektron davlat xizmatlari, marketpleyslar, navigatsiya, ijtimoiy tarmoqlar va turli raqamli platformalardan deyarli har kuni foydalanamiz. Taksi chaqirish, oziq-ovqat buyurtma qilish, farzandning baholarini kuzatish, shifokor qabuliga yozilish – barchasi bir necha tugmani bosish bilan amalga oshmoqda.
“Raqamli industriya” deganda esa ana shu xizmatlarni yaratadigan, ularni ishlatib turadigan va rivojlantiradigan butun bir iqtisodiyot tarmog‘ini tushunish kerak. Bu dasturiy mahsulotlar yaratish, ma’lumotlarni qayta ishlash, onlayn xizmatlar, raqamli kontent, kiberxavfsizlik va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarni qamrab oladi. Sun’iy intellekt esa ushbu jarayonlarning yangi, sifat jihatidan yuqoriroq bosqichidir. U katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilish, hujjatlar bilan ishlash, tarjima qilish, tasvir va matn yaratish hamda takrorlanuvchi vazifalarni avtomatlashtirish imkonini bermoqda.
– Sun’iy intellekt haqida bugun hamma gapiradi, lekin uning o‘zi nima ekanini aniq tushuntirib bera oladiganlar kam. Uni oddiy, xalqona tilda qanday izohlash mumkin? Yurtimizda bu texnologiyaga qonun darajasida qanday ta’rif berilgan?
– Oddiy tilda aytganda, sun’iy intellekt – kompyuterga xuddi inson kabi “o‘rganish” va “xulosa chiqarish” qobiliyatini beradigan texnologiya. Masalan, bola minglab mushuk rasmlarini ko‘rib, keyin istalgan mushukni taniy oladi. Sun’iy intellekt ham xuddi shunday. Unga millionlab matn, rasm yoki raqamlar “ko‘rsatiladi”, u ulardagi qonuniyatlarni o‘rganadi va keyin yangi vaziyatda mustaqil javob bera oladi. Telefoningizdagi ovozli yordamchi, rasmdagi yuzni taniydigan kamera, savolingizga matn bilan javob qaytaradigan chat-dastur – bularning barchasi sun’iy intellekt namunalari. O‘zbekistonda bu sohada alohida huquqiy baza shakllanmoqda.
2026-yil 21-yanvarda qabul qilingan “Sun’iy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlar tartibga solinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun bilan “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonunga sun’iy intellekt tushunchasiga ta’rif berildi. Unga ko‘ra, sun’iy intellekt – inson bilim va ko‘nikmalariga taqlid qiladigan, mustaqil o‘rganadigan, yechim izlaydigan va aniq vazifalarni bajarishda inson aqliy mehnati natijalari bilan solishtirsa bo‘ladigan natijalarga erisha oladigan texnologik yechimlar majmui sifatida ta’riflangan. Qonunning men uchun eng muhim jihati shundaki, inson huquq va erkinliklariga taalluqli yuridik ahamiyatga ega qarorlar qabul qilinayotganda faqat sun’iy intellekt asosida ishlaydigan axborot tizimining xulosasiga tayanish mumkin emasligi belgilab qo‘yildi. Ya’ni, mashina maslahat berishi mumkin, lekin inson taqdirini hal qiluvchi oxirgi so‘z va mas’uliyat doim insonda qoladi. Bu Prezidentimiz ilgari surgan “Inson qadri uchun” tamoyilining texnologiya sohasidagi aniq ifodasi.
– Ko‘pchilikni bir savol tashvishga solmoqda: bugun o‘qiyotgan farzandim ertaga egallaydigan kasbni sun’iy intellekt butunlay tortib olmaydimi? Mashina insonni ayrim kasblarda to‘liq almashtirishi mumkinmi?
– Bu tashvish tushunarli, lekin vahimaga asos yo‘q. Menimcha, “kasblar yo‘qoladi” deyishdan ko‘ra, “kasblarning mazmuni o‘zgaradi” deyish to‘g‘riroq. Tarixga nazar tashlasak, kalkulyator paydo bo‘lganda hisobchilar yo‘qolib ketmadi, aksincha, ular murakkabroq tahliliy ishlarga o‘tdi. Kompyuter kirib kelganda yozuv mashinkalari matn yozib beruvchilar o‘rnini ofis menejerlari va dizaynerlar egalladi.
Sun’iy intellekt hujjatlarni dastlabki tahlil qilish, axborot qidirish, katta ma’lumotlarni qayta ishlash yoki standart matnlarni tayyorlash kabi vazifalarni juda tez bajarishi mumkin. Lekin mas’uliyatni o‘z zimmasiga olish, vaziyatni chuqur tushunish, axloqiy qaror chiqarish, inson bilan samimiy muloqot qilish va tanqidiy fikrlash kabi vazifalarda inson omili hal qiluvchi bo‘lib qoladi. Bemorga tashxis qo‘yish, sudda adolatli qaror chiqarish, o‘quvchining qalbiga yo‘l topish – bularni hech qanday algoritm inson kabi bajara olmaydi. Shuning uchun kelajakda sun’iy intellekt bilan raqobat qiladigan emas, balki undan to‘g‘ri foydalanishni biladigan mutaxassislar ko‘proq ustunlikka ega bo‘ladi.
– Prezidentimiz nutqida IT va sun’iy intellekt bilan bir qatorda “kreativ iqtisodiyot” ham alohida e’tibor qaratildi. So‘nggi paytlarda tez-tez eshitilayotgan bu tushuncha nimani anglatadi va u oddiy yigit-qizga qanday imkoniyat beradi?
– Kreativ iqtisodiyot bu ijodkorlik, intellektual qobiliyat, innovatsiya va texnologiyalar orqali iqtisodiy qiymat yaratiladigan soha. Uni oddiy tilda “g‘oyadan daromad olish iqtisodiyoti” deyish mumkin. An’anaviy iqtisodiyotda boylik manbai yer, neft, oltin yoki zavod bo‘lsa, kreativ iqtisodiyotda asosiy boylik inson tafakkuri va iste’dodi. Yaxshi kuy, qiziqarli mobil o‘yin, chiroyli dizayn, mashhur blog yoki zamonaviy uslubdagi milliy libos – bularning barchasi kreativ mahsulot. O‘zbekistonda bu tushuncha endi faqat iqtisodiy yoki nazariy atama emas, balki qonunchilik darajasida ham mustahkamlangan. 2024-yil 3-oktabrda “Kreativ iqtisodiyot to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Qonunda kreativ iqtisodiyot innovatsiyalar va texnologiyalarga asoslangan inson salohiyati natijasida iqtisodiy qiymatga ega tovarlar, ishlar va xizmatlarni yaratishga qaratilgan iqtisodiyot tarmog‘i sifatida ta’riflangan.
Qonun qonuniylik, ochiqlik va shaffoflik, ijod erkinligi, tenglik hamda kreativ mahsulotning huquqiy muhofazasini asosiy prinsiplar sifatida belgilaydi. Qonunda kreativ iqtisodiyotning 15 ta sohasi belgilangan, shuningdek, kreativ industriyalar parki va klasterlari, raqamli platformalar, art-rezidensiyalar kabi qo‘llab-quvvatlash infratuzilmasi ko‘zda tutilgan. Bu sohalar qatoriga adabiy ijod, amaliy san’at va hunarmandchilik, arxitektura va urbanistika, audiovizual san’at, ijrochilik san’ati hamda raqamli texnologiyalar sohasidagi ijodiy faoliyat kiradi. Shuningdek, dasturlash, reklama, moda, raqamli kontent va o‘yin industriyasi ham shu doiraga kiradi. Bu yo‘nalishni rivojlantirish ishlari to‘xtamayapti. Joriy yilning 7-iyulida qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kreativ iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida Qonun bilan Soliq kodeksi, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi va “Kreativ iqtisodiyot to‘g‘risida”gi qonunlarga kreativ biznesni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritildi.
Eng muhimi, bu soha katta sarmoya talab qilmaydi. Masalan, Marg‘ilon yoki Rishtonda yashovchi yosh hunarmand ota-bobosidan meros san’atini raqamli platformalar orqali butun dunyoga sota oladi. Viloyatdagi talaba esa uyidan chiqmay xorijiy buyurtmachilar uchun dizayn yaratishi mumkin. Kreativ iqtisodiyot milliy merosimizni zamonaviy texnologiya bilan uyg‘unlashtirish uchun keng imkoniyat ochadi.
– Dunyo mehnat bozori qaysi tomonga o‘zgarmoqda va “kelajak kasbi” deganda nimani tushunish kerak?
– “Kelajak kasbi” deganda faqat hali paydo bo‘lmagan, xayoliy mutaxassisliklarni tushunmaslik kerak. Bu bugun shakllanayotgan va keyingi besh-o‘n yilda talab keskin oshadigan kasblar. Ularning ko‘pchiligi texnologiya bilan bevosita yoki bilvosita bog‘liq. Bu borada xalqaro tadqiqotlar ham aniq manzarani ko‘rsatmoqda. Jahon iqtisodiy forumining 2025-yilgi “Kasblar kelajagi” hisobotiga ko‘ra, 2030-yilgacha foiz hisobida eng tez o‘sadigan kasblar katta ma’lumotlar bo‘yicha mutaxassislar, Fintex muhandislari hamda sun’iy intellekt va mashinaviy o‘qitish mutaxassislaridir. Hisobotda, shuningdek, yangi ish o‘rinlarining paydo bo‘lishi va mavjudlarining yo‘qolishi birgalikda 2030-yilgacha bugungi rasmiy ish o‘rinlarining 22 foizini qamrab olishi taxmin qilinadi. Bundan tashqari, “yashil” energiyaga o‘tish tufayli avtonom va elektr transport vositalari bo‘yicha mutaxassislar hamda qayta tiklanuvchi energiya muhandislari ham eng tez o‘sayotgan 15 ta kasb qatoriga kirgan.
– Raqamli kasblar faqat ofisda, kompyuter qarshisida o‘tiradiganlar uchunmi? Qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, energetika kabi an’anaviy sohalarga texnologiya qanday yangi kasblarni olib kirmoqda?
– Aslida eng qiziqarli o‘zgarishlar aynan shu sohalarda bo‘lyapti. Texnologiya dalaga ham, shifoxonaga ham, zavodga ham kirib bormoqda. Agrotexnologiya mutaxassisi va agrodron operatori – dehqonchilik an’analari boy yurtimiz uchun juda muhim kasb. Dron dalaning ustidan uchib, qaysi qismida o‘simlik kasallangani yoki suv yetishmayotganini aniqlaydi, kerakli joyga o‘g‘it va dori sepadi. Aqlli sensorlar esa tuproq namligini o‘lchab, sug‘orishni avtomatik boshqaradi.
Masalan, suv yoki gaz hisoblagichi ko‘rsatkichni o‘zi yuboradi, ko‘cha chiroqlari insonlar bo‘lmaganda o‘zi o‘chadi, issiqxonadagi harorat masofadan boshqariladi. Xalqaro hisobotlarda ham bu kasb eng tez o‘sayotganlar qatorida tilga olinmoqda. Robototexnika muhandisi zavodlarda og‘ir, xavfli yoki takrorlanuvchi ishlarni bajaradigan robotlarni loyihalaydi, sozlaydi va ularga xizmat ko‘rsatadi. Tibbiy informatika mutaxassisi va bioinformatik tibbiyot va texnologiyani birlashtirgan kasblar. Tibbiy informatika mutaxassisi elektron tibbiy kartalar, telemeditsina, ya’ni shifokor bilan masofadan maslahatlashish hamda kasalliklarni erta aniqlaydigan raqamli tizimlar ustida ishlaydi.
Bioinformatika esa kompyuter yordamida genetik ma’lumotlarni tahlil qilib, yangi dori vositalarini yaratish va kasalliklarning sabablarini o‘rganishga yordam beradi. Qayta tiklanuvchi energiya muhandisi quyosh panellari va shamol elektr stansiyalarini loyihalaydi, quradi va ularning samarali ishlashini ta’minlaydi. Mamlakatimizda “yashil” energiya ulushi izchil oshirilayotgan bir paytda bu kasb eng istiqbolli yo‘nalishlardan biriga aylanmoqda.
– Kreativ iqtisodiyot haqida gaplashdik. Ijodga moyil, rasm chizish, musiqa yoki hikoya yaratishni yaxshi ko‘radigan yoshlar raqamli davrda qanday kasblarni egallashi mumkin?
– Ijodkor yoshlar uchun imkoniyat har qachongidan ko‘p. Ilgari rassom yoki musiqachi o‘z ijodini faqat ko‘rgazma yoki konsert orqali ko‘rsata olgan bo‘lsa, bugun raqamli platformalar uni butun dunyoga olib chiqadi. O‘yin dizayneri va dasturchisi – kreativ industriyaning eng daromadli yo‘nalishlaridan biri. O‘yin yaratish uchun ssenariynavis, rassom, bastakor, dasturchi va dizayner birga ishlaydi. Tasavvur qiling, Alpomish yoki Amir Temur davri haqidagi qiziqarli kompyuter o‘yini milliy tariximizni dunyo yoshlariga tanitishi mumkin. Bu ham iqtisodiy foyda, ham madaniy targ‘ibot. 3D modellashtirish, virtual va to‘ldirilgan reallik dizayneri (VR/AR) raqamli olamda uch o‘lchamli ob’ektlar va muhit yaratadi. Bu texnologiya yordamida, masalan, Samarqand yoki Buxoro yodgorliklari bo‘ylab virtual sayohat qilish, muzey eksponatlarini telefon ekranida jonlantirish yoki me’moriy loyihani qurilishdan oldin “ichidan” ko‘rish mumkin.
– Siz o‘zingiz huquq sohasi vakilisiz. Demak, bugungi yurist ham IT sohasini tushunishi shartmi? Kodeks va qonunlar bilan ishlaydigan mutaxassis uchun texnologiya qanchalik zarur?
– Albatta, shart. Lekin bu har bir yurist dasturlashni bilishi kerak degani emas. Zamonaviy yurist elektron shartnoma qanday ishlashini, raqamli dalil nima ekanini, shaxsga doir ma’lumotlarni qanday himoya qilish kerakligini, onlayn platformalar qanday faoliyat yuritishini va sun’iy intellekt qanday huquqiy xavflar tug‘dirishini tushunishi kerak. Bugun nizolarning katta qismi raqamli muhitda yuzaga kelmoqda: internet orqali firibgarlik, onlayn savdodagi aldov, ijtimoiy tarmoqda sha’nni kamsitish, ma’lumotlarning sizib chiqishi. Bularni texnologiyani tushunmaydigan yurist samarali hal qila olmaydi.
Masalan, bugungi kunda O‘zbekistonda “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi Qonun, “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi Qonun, “Kiberxavfsizlik to‘g‘risida”gi Qonun va sun’iy intellektga oid yangi normalar bir-biri bilan chambarchas bog‘lanib bormoqda. Prezidentimizning nutqida beshinchi milliy dastur doirasida kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va odam savdosining oldini olish choralarini yanada kuchaytirish vazifasi qo‘yilgani ham bunday mutaxassislarga ehtiyoj ortib borayotganidan dalolat beradi. Shu bois biz universitetimizda huquq va texnologiyalarni uyg‘unlashtirgan holda kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratmoqdamiz.
Xususan, Prezidentimizning 2025-yil 26-noyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va ilm-fanni yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan universitetimizda alohida “Raqamli huquq” (Digital Law) xalqaro ta’lim yo‘nalishi joriy etildi. Bunda “Raqamli huquq” ta’lim yo‘nalishiga o‘qishga qabul qilish tanlovlari xalqaro standartlarga muvofiq hamda shunga ixtisoslashgan xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikda IQ test o‘tkazish tartibida hamda tanlovda B2 darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega shaxslar ishtirok etishi va o‘quv jarayoni ingliz tilida olib borilishi tartibi belgilab berildi.
Toshkent davlat yuridik universiteti 2026/2027-o‘quv yilida bu ta’lim yo‘nalishiga 60 dan talablar belgilangan sinovlardan o‘tib o‘qishga qabul qilindi.
– Suhbatimiz so‘ngida yoshlarimizga murojaat qilsangiz. Bugun maktab partasida yoki talabalik auditoriyasida o‘tirgan yigit-qizlar nimalarni o‘rganishi kerakki, besh yoki o‘n yildan keyin ham mehnat bozorida talabgir bo‘lsin?
– Men yoshlarni faqat bitta dastur yoki bitta texnologiyani o‘rganish bilan cheklanmaslikka chaqirgan bo‘lardim. Chunki bugun ommabop bo‘lgan texnologiya besh yildan keyin butunlay o‘zgarishi mumkin. O‘n yil oldin ko‘pchilik hozirgi sun’iy intellekt imkoniyatlarini tasavvur ham qila olmasdi. Eng muhimi – tanqidiy fikrlash, axborotni tekshirish, muammoni tahlil qilish, raqamli savodxonlik, xorijiy tillar, muloqot qilish va doimiy ravishda yangi bilimlarni o‘zlashtirish qobiliyatini rivojlantirishdir.
Bundan tashqari, sun’iy intellektdan foydalanishda huquqiy va axloqiy chegaralarni bilish ham muhim. Sun’iy intellekt bergan har bir javobni ko‘r-ko‘rona qabul qilmaslik, uni tekshirish va o‘z fikr-mulohazasi bilan boyitish kerak. Yana bir muhim jihatga e’tibor qaratmoqchiman. Prezidentimiz o‘zbek tili raqamli dunyoda ilm va texnologiya yaratiladigan tilga aylanishi lozimligini ta’kidladi. Bu bevosita bugungi yoshlarning vazifasidir. O‘zbek tilida sifatli raqamli kontent, ta’limiy resurslar va sun’iy intellekt yechimlari yaratish ham kelajakning muhim kasblaridan biriga aylanadi.
Menimcha, kelajak mutaxassisi hamma narsani yoddan biladigan inson emas. Kelajak mutaxassisi – yangi bilimni tez o‘zlashtira oladigan, texnologiyadan ongli foydalanadigan va uning natijasi uchun mas’uliyatni tushunadigan insondir. Texnologiya insonning o‘rnini egallashi emas, uning imkoniyatlarini kengaytirishi kerak. Buning uchun esa texnologik taraqqiyot bilan bir qatorda huquq, ta’lim va raqamli madaniyat ham rivojlanib borishi zarur. Shundagina Prezidentimiz belgilagan 10 million yoshni raqamli industriya va kelajak kasblariga olib kirish marrasi to‘liq ro‘yobga chiqadi.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA