Asossiz qo‘llanilgan jarima bekor qilindi
Buxoro viloyati adliya boshqarmasi xodimlari tomonidan Buxoro shahridagi “Perfect suv” oilaviy korxonasi rahbari M.Yahyoyevning viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ma’muriy amaliyot bo‘limi xodimi tomonidan tashkilot haydovchisiga nisbatan asossiz ravishda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtotransport vositasi jarima maydoniga joylashtirilganligidan norozi bo‘lib qilgan murojaati o‘rganib chiqildi.
O‘rganish davomida joriy yilning 6 yanvar kuni viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ma’muriy amaliyot bo‘limi xodimi F.Mardonov tomonidan korxona haydovchisi A.Saidovga nisbatan Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 12 apreldagi 172-son qarori bilan tasdiqlangan Yo‘l harakati qoidalarining 7-bandini jumladan, tashkilot bilan tuzilgan mehnat shartnomasi mavjud bo‘lmaganligi vaji bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirgan.
– Vaholanki, mazkur qaror bilan tasdiqlangan Yo‘l harakati qoidalarining 7-bandida mexanik transport vositasining haydovchisi yuridik shaxs tomonidan berilgan transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi yo‘l varaqasini yonida olib yurishi va Ichki ishlar organlari xodimlari talab qilganda ularga tekshirish uchun berishi shartligi ko‘rsatilgan, ya’ni tashkilot bilan tuzilgan mehnat shartnomasi mavjud bo‘lishi talabi nazarda tutilmagan, – deydi Buxoro viloyati adliya boshqarmasining huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish va metodik ta’minlash sho‘’basi boshlig‘i Anvar Rahmonov. – Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasida ham tashkilot bilan tuzilgan mehnat shartnomasi mavjud bo‘lmasligi javobgarlikka sabab bo‘lishi qayd etilmagan. Mazkur kodeksning 271-moddasiga ko‘ra, ma’muriy huquqbuzarlik hodisasi yoki alomati yo‘q bo‘lsa ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishni boshlash mumkin emas, boshlangan ish esa tugatilishi lozim. Shunga ko‘ra, viloyat adliya boshqarmasi tomonidan yuqoridagi ma’muriy jazo qo‘llash to‘g‘risidagi qarorni bekor qilish bo‘yicha Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasi JXX yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasiga taqdimnoma kiritildi.
Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasi JXX yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining xati va “Xizmat tekshiruvi xulosasi” ga asosan “Perfect suv” oilaviy korxonasi haydovchisi A.Saidovga nisbatan rasmiylashtirilgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma hamda ma’muriy jazo qo‘llash to‘g‘risidagi qaror bekor qilindi. O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 271-moddasi 1-qismiga asosan ish yurituvidan tugatildi va aybdor xodimga nisbatan intizomiy jazosi qo‘llanildi.
Zarif Komilov, O‘zA