Asossiz olingan pullar qaytarib berildi
Fuqarolarning huquqlari va ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish - barcha sohada ustuvor vazifa hisoblanadi.
Ammo ba’zida bank xodimlarining beparvoligi oqibatida oddiy fuqarolar turli ovoragarchiliklarga duch kelmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanida yashovchi fuqaro A.Jarilqaganova “O‘zmilliybank”ning tuman filialidan olgan plastik kartasidan Samarqand viloyatida yashovchi fuqaro orqali pul yechib olinayotganini aniqlagan. Bu holat 4-marta takrorlangach, fuqaro iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan.
Qo‘ng‘irot tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati raisining aralashuvi bilan masala o‘rganilib, bankka xat yuborildi. Natijada bank rahbariyati tomonidan masala ijobiy hal etilib, fuqaroning bank plastik kartasidan ruxsatsiz yechilgan pullar to‘liq qaytarib berildi.

Yana bir holatda ushbu tumanda yashovchi T.Baltaboyev do‘kondan shartnoma asosida havo sovitkich va kir yuvish mashinasini sotib olgan.
Biroq do‘kon mutaxassislarining xatosi tufayli fuqaroning nomiga narxi 13 million 188 ming so‘m bo‘lgan LG 65NU900B6LA rusumli televizor ham qo‘shimcha rasmiylashtirib yuborilgan. Ushbu xatoni sezganidan so‘ng fuqaro do‘konga borib shartnomani bekor qilishni so‘ragan, biroq mutaxassislar buni rad etgan.
O‘sha vaqtda fuqaro Qo‘ng‘irot tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga yozma ravishda murojaat qilgan. Jamiyat mutaxassislari tomonidan masala tezkorlik bilan o‘rganilib, do‘kon rahbari va xodimlari bilan qonun asosida tushuntirish ishlari olib borilgan.
Amaliy yordam natijasida kompaniya bosh ofisi shartnomani qonuniy ravishda bekor qilgan. Fuqaro o‘z navbatida bu amaliy yordam uchun jamiyatga o‘zining minnatdorchiligini bildirdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri