Asosiy talab – puxta reja va halol mehnat qilishdir
Toshkent viloyati Piskent tumanida 613 nafar yoshga 25 sotixdan jami 140,5 gektar yer maydoni ajratib berilgan edi.
Xususan, 1-sektor hududidagi “Maylobod” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi 22 yoshli Sardor G‘ayratov harbiy xizmatdan qaytganidan keyin ishlamagan edi. Onasi, xolasiyu ikki singlisiga o‘zi bosh bo‘lgan bu yigit “Yoshlar daftari”ga kiritilgan. Tuman hokimligi tomonidan ajratilgan yerga makkajo‘xori, pomidor ekib, oilasi ko‘magida parvarish qilmoqda. Shuningdek, yoshlar yetakchisi va Bandlikka ko‘maklashish markazi yordami bilan shartnoma asosida jamoatchilik ishlariga ham olindi.

Shu mahallada yashovchi Aziz Haydaraliyev esa 29 yoshda. Kollejni tamomlagach, xususiy do‘konlarda sotuvchilik qilib yurgan edi. Ammo uylanib, oilali bo‘lgach tayinli bir ishning boshini tutishi zarurligini anglab yetdi. Onasi, ukasi, ayolining yaxshi hayot kechirishini ta’minlash uchun harakat qila boshladi. Dehqonchilikdan halol pul topishni reja qildi. Hozir uning dalasida ekinlar baravj rivojlanmoqda.
Bekobodlik Bahodir Nishonboyev sakkiz nafar mahalladoshlari bilan yer olib dehqonchilik qilgan edi. Oila a’zolarining birgalikdagi mehnati bilan dalaga ekilgan pomidor yaxshi hosil berdi. Endi sotib daromad qilish qoldi xolos.
Hududda “Temir daftar”ga kiritilgan va kam ta’minlangan oila farzandlaridan 600 nafardan ortig‘i bugungi kunda o‘zlariga ajratilgan yerda halol peshona teri evaziga yetishtirilgan hosilni terib, daromad topyapti. Harakatda barokat, deganlaridek, mehnatda toblangan, yerdan foydalanish tajribasini egallagan yoshlarga endi bundanda kattaroq imkoniyat taqdim etilishi mumkin.

Prezidentimiz raisligida 8 iyun kuni qishloq xo‘jaligi va tadbirkorlikni rivojlantirish orqali aholi bandligini ta’minlash hamda oziq-ovqat mahsulotlari hajmini ko‘paytirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham mazkur masalalar yuzasidan zarur topshiriqlar berilgan edi. Shu asosida endi ishsiz fuqarolarga yer maydonlari 10 yil muddatga samarali foydalanishga beriladi.
Asosiy talab – puxta reja va halol mehnat qilishdir.
A.Musayev, O‘zA