Asosiy talab – aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish
18-aprel – Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari kuni
Bugungi kunda Samarqand viloyatida 84 ming xonadondan iborat 2300 dan ortiq ko‘p qavatli uy mavjud. Bu uylarda yashovchi aholiga kommunal xizmat ko‘rsatish, ular uchun qulay turmush sharoiti yaratishda kommunal xo‘jalik tashkilotlarining munosib o‘rni bor.
– Keyingi yillarda uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi tubdan takomillashdi, – deydi Samarqand viloyati qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Bahodir Negmatov. – Aholiga sifatli va zamon talablariga mos xizmat ko‘rsatishga ehtiyoj oshdi. Ayniqsa, ko‘p qavatli uylarda yashovchilar uchun sifatli va tezkor xizmat ko‘rsatish asosiy talablardan biriga aylandi. Avvalo uy-joy kommunal xo‘jaligi boshqarma va bo‘limlari tashkil etildi. Avvalgi shirkatlar o‘rnida boshqaruv servis kompaniyalari tuzildi. Albatta, hali bu boradagi ishlar to‘la- to‘kis amalga oshirildi, deb aytolmaymiz. Ammo dastlabki harakatlar o‘z samarasini berayotgani haqiqat.
Viloyatimizda ham ayni paytda 43 ta boshqaruv servis kompaniyasi tomonidan ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholiga xizmat ko‘rsatilmoqda. Jumladan, Samarqand shahrida 20 ta, Kattaqo‘rg‘on shahrida 6 ta va qolganlari boshqa tumanlarda faoliyat olib boryapti.
Boshqaruv servis kompaniyalarining samarali ishlashi uchun davlatimiz tomonidan bir qator imkoniyat va imtiyozlar berilishi ular moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, servis xizmati ko‘rsatish sifatini oshirishga yordam bermoqda.
Misol uchun, Samarqand shahridagi 58 ta uy-joy mulkdorlari shirkati boshqaruvida bo‘lgan ko‘p kvartirali uylar “Biotexservic” boshqaruv servis kompaniyasiga o‘tkazilgan edi. Hozir ushbu tashkilot tomonidan shahardagi 343 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatilmoqda.
Joriy yilda viloyatdagi boshqaruv servis kompaniyalari tomonidan 189 ta ko‘p kvartirali uy-joyni mukammal va joriy ta’mirlash rejalashtirilgan. Bundan tashqari, Samarqand shahridagi 17 ta uyning 42 ta lift uskunasi yangisiga almashtiriladi.
Ko‘p qavatli uylarga sifatli xizmat ko‘rsatish haqida gap ketganda hozir tumanlardagi o‘tgan asrda qurilgan ikki va uch qavatli kommunal uylarda ko‘p muammolar yuzaga kelayotganini ta’kidlash lozim. Bu uylarning aksariyatida ichki kommunikatsiya tizimlari muddatini o‘tab bo‘lgan va ularni yangilash zarurati yuzaga kelmoqda. Qolaversa, bu uy-joylar bugun qurilayotgan ko‘p qavatli uylar oldida ancha ko‘rimsiz bo‘lib qolmoqda va, eng asosiysi, aholining talablariga to‘la javob bermaydi. Shu bois xonadon egalari bilan maslahatlashgan holda bu uylarni kapital ta’mirlash va qulay turmush sharoiti yaratishga kirishilmoqda.
Bir qator tumanlarda bu boradagi ishlar boshlandi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri