Navoiy viloyatida 2016-yilda ming tonnadan ziyod asal yetishtirildi
Prezidentimiz rahnamoligida bozorlarimiz to‘kinligini ta’minlash, aholiga sifatli, arzon va shifobaxsh oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimiz rahnamoligida bozorlarimiz to‘kinligini ta’minlash, aholiga sifatli, arzon va shifobaxsh oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berishga alohida e’tibor qaratilmoqda.Navoiy viloyatida o‘tgan yili dehqon va shaxsiy yordamchi xo‘jaliklar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari tomonidan 237 asalarichilik xo‘jaligi tashkil etilib, ular soni 717 taga yetdi. Asalarichilar tomonidan 2016-yilda 1000 tonnadan ziyod tabiiy, shifobaxsh va arzon asal yetishtirildi.
Tarmoqni qo‘llab-quvvatlash, ichki bozorni arzon, sifatli mahsulot bilan ta’minlashga yo‘naltirilgan loyihalar shifobaxsh, to‘yimli tabiiy bol ishlab chiqarish ko‘lamini yanada kengaytirishda muhim omil bo‘lmoqda. Sohani moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy yilda tijorat banklari krediti va tashabbuskorlarning o‘z mablag‘i hisobidan qariyb 1 milliard 830 million so‘m yo‘naltirish rejalashtirilgan. Bu yana 150 asalarichilik xo‘jaligi tashkil etish va 188 ish o‘rni yaratish imkonini beradi.
Viloyatda asalarichilik xo‘jaliklariga xizmat ko‘rsatish tarmog‘ini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Asalarichilar uchun asalari uyasi, ish qurollari va boshqa jihozlar ishlab chiqarish o‘zlashtirilmoqda. Bozorlarda ularning savdo qilishi uchun yetarli sharoit yaratilib, iste’molchilarga shinam pavilyonlar xizmat ko‘rsatmoqda.
– Shaxsiy xo‘jaligimizda “Karpat” zotli 380 asalari oilasi parvarishlanmoqda, – deydi qiziltepalik Ulug‘bek Murodov. – O‘tgan yili har bir oiladan o‘rtacha 25 kilogrammdan tabiiy asal yetishtirib, arzon narxlarda iste’molchilarga yetkazib berdik. Hozir arilar qish mavsumidan betalafot chiqmoqda. Bunda o‘z vaqtida ko‘rsatilayotgan veterinariya xizmati ham muhim omil bo‘layotir. Mahsulotning bir qismini eksportga chiqarishni rejalashtirmoqdamiz.
Navoiy viloyati asalari boqish, ko‘paytirish va mahsulot yetishtirish, qayta ishlash uchun juda qulay hudud hisoblanadi. Ayniqsa, adir va tog‘oldi hududlarda o‘sadigan isiriq, yantoq va boshqa tabiiy giyohlar gulidan olinadigan asal inson organizmi uchun g‘oyat foydali. Shu bois joriy yilda mahsulot yetishtirish ko‘lamini yanada kengaytirish maqsadida xorijdan “Karpat” zotli 600 ona ari keltirish rejalashtirilgan.
Muxtasar aytganda, viloyatda asalarichilikni rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor aholini arzon va shifobaxsh mahsulot bilan ta’minlash bilan birga, uni tashqi bozorga eksport qilish imkoniyatini ham yaratadi.