Asaka tumanida mehnat yarmarkasi o‘tkazildi
Andijon viloyati Asaka tumanida o‘tkazilgan mehnat yarmarkasida 75 korxona, tashkilot, muassasa va fermer xo‘jaligi bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi.
Andijon viloyati Asaka tumanida o‘tkazilgan mehnat yarmarkasida 75 korxona, tashkilot, muassasa va fermer xo‘jaligi bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi.Tuman hokimligi, prokuraturasi hamda bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda aholini ijtimoiy himoya qilish, bandligini ta’minlash, ayniqsa, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Joriy yilda bandlik dasturi doirasida Asaka tumanida 6 ming 630 yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
– Mehnat yarmarkasida 500 dan ziyod fuqaro qatnashdi, – deydi Asaka tumani bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi rahbari Zulfiqor Ergashev. – Tadbirda ishga joylashish uchun yo‘llanma olganlarning aksariyati kasb-hunar kolleji bitiruvchilaridir.
– Asaka pedagogika kollejini bitirganman, – deydi Zohida Ismoilova. – Bugungi yarmarkada o‘z mutaxassisligim bo‘yicha 3-maktabgacha ta’lim muassasasiga tarbiyachi bo‘lib ishga joylashish uchun yo‘llanma oldim.
Tadbir doirasida tashkilotchilar va mutaxassislar tomonidan fuqarolar bilan mehnat qonunchiligi, ularning huquqiy bilimini oshirish borasida suhbatlar o‘tkazildi, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.