Asaka adirlarining yangi imkoniyatlari sayyohlarni hayratga solmoqda
Prezident tashrifidan so‘ng...
Davide Rinaldi bilan yo‘l-yo‘lakay tanishib qoldim. Kamina jurnalist, italiyalik mehmonning ona yurtim haqidagi fikrlari menga qiziq. U esa sayyoh. Andijon tabiati haqidagi hikoyalarim unga hammasidan qiziq.
Xullas, Davide bilan Andijon shahridan Asaka kengliklarida tashkil etilgan ekoturizm majmuasiga qadar suhbatlashib ketdik.
– Men sayyohman, – deydi u adirliklarning toza havosini o‘pkasiga to‘ldirib olar ekan. – Bugun bizga o‘xshagan dunyo kezuvchilar faqat baland mehmonxonalar yoki tarixiy yodgorliklarni ko‘rish bilan cheklanishni istamaydi. Shaxsan men sokin tabiat bag‘rida hordiq chiqarish, qishloqlar hayoti bilan tanishish, tabiiy ne’matlarni bandidan uzib olishni xohlayman. Odamlarda aynan shunday ehtiyoj ortayotgani ortidan dunyoda ekoturizm va agroturizm yo‘nalishlari shiddat bilan rivojlanmoqda, deb o‘ylayman.
Yana uning ta’kidlashicha, Italiyada ham ko‘p yillar oldin agroturizmni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus hujjat qabul qilingan. Mamlakat qishloqlaridagi fermalarda yashashni istaydigan sayyohlar ko‘p ekan. Ular uzum yig‘ish, pishloq tayyorlash, taomlar pishirishda qatnashadi. Aytishicha, shu orqali italiyalik fermerlar faqat hosil yig‘ishdan emas, turistlarga xizmat ko‘rsatishdan ham yaxshi daromad oladi.

Mashina Yangi hayot massivi hududidagi 192 gektar maydonda barpo etilgan “Uzum bog‘i” majmuasiga yetib keldi. Ulov to‘shalganiga endigina besh-olti oy bo‘lgan asfalt yo‘ldan do‘nib boryapti. Bu huv o‘sha baland tepalikkacha to‘lg‘anib-to‘lg‘anib yetib borgan adirning keng yo‘li. Atrofda yastangan bepoyon tokzorlar kishini to‘lqinlantirib yuboradi.
Mazkur loyiha Prezident topshirig‘i asosida Agrosanoatni rivojlantirish agentligi tashabbusi bilan yaratildi. E’tiborlisi, maskan tabiat bilan zamonaviy qulaylikni bir joyga jamlagani bilan odamlar tiliga tez tushdi.
Majmua baland tepalikda joylashgani bois butun tuman atrofi kaftdek ko‘rinadi. Bunday kenglik va balandlik insonga ruhiy yengillik, xotirjamlik bag‘ishlaydi.
– Yaqinda davlatimiz rahbari Andijon viloyatiga tashrif buyurganlarida bu yerdagi sharoitlar bilan ham tanishgan edi, – deydi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi direktori Nurali Abdullayev. – Bunday majmualarga shaxsan Prezidentning tashrif buyurgani mamlakatimizda ekoturizm va agroturizm yo‘nalishlariga e’tibor qay darajada yuqori ekanini anglatadi. “Uzum bog‘i” majmuasi loyihasining umumiy qiymati 51,8 milliard so‘mni tashkil etadi. Hududda kapsula shaklidagi dam olish uylari, milliy ruhni mujassam etgan o‘tovlar o‘rnatilgan. Muhimi, zamonaviy texnologiyalar va milliy agroturizm muhiti mukammal uyg‘unlashgan. O‘ttiz gektar maydondagi manzarali daraxtzor va archazorlar hudud mikroiqlimini mo‘tadil saqlab turadi. Oilaviy restoran, turli attraksionlar va tunda maskanga fayz beradigan zamonaviy chiroqlar dam olishni mazmunli qiladi.
Loyiha imkoniyatlari sababli 275 ta doimiy va 200 ta mavsumiy ish o‘rni yaratildi. Shuningdek, bog‘da yetishtiriladigan uzum mahsulotlarini eksport qilish rejalashtirilgan.
Kelajakda bu yerda yiliga 80 milliard so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilishi va mahalliy byudjetga 3 milliard so‘m tushum bo‘lishi kutilmoqda. Shu yil yakuniga qadar to‘liq ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan bu majmua Andijondagi eng jozibador sayohat manzillaridan biriga aylanadi.

Turizmning bu yo‘nalishi hudud iqtisodiyoti va jamiyat uchun har tomonlama foyda keltiradi. Avvalo, shaharlardan yiroqda joylashgan chekka qishloqlarga ham yangi hayot nafasi kirib boradi.
Shuningdek, ekoturizm va agroturizm tabiatni, milliy qadriyatlarni asrashga xizmat qiladi. Mahalliy aholi tabiatni asrashdan moddiy foyda olishni boshlaydi. Turistlar esa muayyan hududning noyob urf-odatlari, hunarmandchiligi va milliy oshxonasi saqlanib qolishiga sababchi bo‘ladi.
[gallery-31680]
Dunyo tajribasida bu borada hayratlanarli muvaffaqiyatga erishgan mamlakatlar ko‘p. O‘zbekistonda shu yo‘nalishda imkoniyat va tabiiy salohiyat juda yuqori. “Uzum bog‘i” majmuasi kabi loyihalar esa Andijon viloyati maydoni jihatidan ixcham bo‘lsa-da, agro va ekoturizmni rivojlantirish uchun katta salohiyatga ega ekanini ko‘rsatmoqda.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbiri