Arxiv sohasidagi ishlar tahlil qilindi
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida “O‘zarxiv” agentligi tomonidan “2021 yil uchinchi choragi davomida agentlik tizimida amalga oshirilgan ishlar” mavzuida matbuot anjumani tashkil etildi.
Ta’kidlanganidek, joriy yilning 9 oyi davomida Vazirlar Mahkamasining sohaga oid 3 ta qarori qabul qilindi. Xususan, “O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishi va ish yuritish sohasi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi,

“Davlat organlari va tashkilotlarining arxiv ishi va ish yuritish sohasidagi ekspert komissiyalari to‘g‘risidagi namunaviy nizomlarni tasdiqlash haqida”gi hamda “Arxiv ishi va ish yuritish sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatishning ayrim ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorlari qabul qilindi.
Mazkur hujjatlar qabul qilinishi bilan davlat arxivlari tomonidan ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari 100 foiz onlayn ko‘rinishga o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishini rivojlantirishning 2021 yil 9 oyligiga mo‘ljallangan rejasi 21 ta ko‘rsatkich bo‘yicha bajarilib, shundan 17 ta ko‘rsatkich bo‘yicha oshirib bajarildi.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi hujjatlarining elektron shaklini yaratish ishlari jadallashtirilishiga erishildi va hisobot davrida davlat arxivlarida hujjatlarning elektron nusxalari yaratildi.

Mazkur elektron nusxalarni saqlash uchun “O‘zarxiv” agentligi tomonidan “Axborot texnologiyalari va axborot resurslarini rivojlantirish markazi” DUK bilan hamkorlikda “Davlat arxivlarida raqamlashtirilayotgan hujjatlarni yagona saqlovini ta’minlash hamda ulardan foydalanish” axborot tizimi ishlab chiqildi.
Hozirgi vaqtda mazkur axborot tizimi O‘zbekiston Milliy arxivi va O‘zbekiston Ilmiy-texnika va tibbiyot hujjatlari milliy arxivida sinov tajribasidan o‘tkazilmoqda.
–Tashkilot va korxonalarning hujjatlarini shartnoma asosida tartibga keltirishda davlat arxivlari tomonidan tegishli hujjatlar tartibga keltirildi, –dedi “O‘zarxiv” agentligi axborot xizmati rahbari Anvar Aliyev.– Xususan, O‘zbekiston Milliy arxiviga "Saodat" jurnalining 1953 yildan boshlab nashr etilgan barcha sonlari taqdim etildi. Yurtimizning oddiy fuqarosi Alfiya Davronova tomonidan o‘zining oilaviy arxivida saqlangan eski o‘zbek yozuvida nashr etilgan “Yangi Farg‘ona” nomli gazetalar to‘plamini ixtiyoriy ravishda davlat saqloviga topshirish ishlari amalga oshirildi. Mazkur gazetalar to‘plami 1928 yilga oid bo‘lib, unda O‘zbekistonning XIX asr boshlaridagi siyosiy-iqtisodiy va ijtimoiy-madaniy hayotidagi muhim voqealar o‘z aksini topgan.
Shuningdek, mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan “Yangi O‘zbekiston arxivlari” hujjatlari filmi tasvirga olindi va taqdim etildi. “O‘zarxiv” agentligi tomonidan “O‘zbekiston arxivlari” axborot kitob-albomi chop etildi va “Mustaqillik 30” veb-sayti ishga tushirildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA