Artur yangi g‘alabalar orzusida yashamoqda
Sirdaryo tumanining Tadbirkorlar mahallasida yashovchi Artur Fayzulin joriy yilning 30-yanvar — 7-fevral kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan armrestling va para-armrestling bo‘yicha Jahon kubogi — “World Armwrestling & Para Armwrestling Cup 2026” musobaqasida O‘zbekiston terma jamoasi safida ishtirok etib, kumush medalni qo‘lga kiritdi.
E’tiborlisi, Artur para-armrestling bilan faqat 3 oy oldin shug‘ullana boshlagan edi. Shu vaqt ichida uning qat’iyatliligi, irodasi va ishonchi uni xalqaro maydonda g‘oliblar qatoriga kirishiga imkon yaratdi.

– Artur Fayzulin bilan ish boshlaganimizda u juda og‘ir vaziyatda, ishsiz bo‘lib, odamlarga kam qo‘shilardi. “Faol hayotga qadam” dasturi asosida uyda qarab turish xizmati yo‘lga qo‘yildi. Uning sog‘lig‘i va ruhiyatini tiklash uchun para-sport bilan shug‘ullanish tavsiya qilindi. Bugun Artur aka erishayotgan yutuqlarni bizning ijtimoiy xizmatlar samarasi deb bemalol ayta olamiz, – deydi Sirdaryo tumani Tajribakor mahallasining ijtimoiy xodimi Venera Alibekova.

– Bunga qisqa fursatda erishishning o‘zi oson bo‘lmadi. Eng avvalo, ijtimoiy xodim yordami va maslahati katta rag‘bat vazifasini o‘tadi, – deydi Artur.
Baxtsiz hodisa tufayli ikki oyog‘idan ayrilgan Artur avval o‘zini jamiyatdan uzilib qolgandek his qilgan. Ishsizlik ham unga qiyinchilik tug‘dirgan, nogironlik sabab olgan nafaqasi esa yetarli bo‘lmagan.

– Inson irodali bo‘lsa va yoningizda to‘g‘ri maslahat beradigan kishilar bo‘lsa, qancha qiyinchilik bo‘lsa ham yengib o‘tish mumkinligini his etdim. Hozir nafaqat para-sport, balki hunarmandchilik bilan ham shug‘ullanyapman. Bu esa hayotim mazmuniga aylandi. Ammo meni o‘ylantirgan bir masala bor. Yurtimizda yoshlar sport bilan shug‘ullanish va yaxshi natija qo‘lga kiritish uchun imkoniyatlarga ega. Shunga qaramay, ko‘pchilik vaqtlarini foydasiz telefon va kompyuter o‘yinlariga sarflamoqda, bu esa ularning salohiyatini to‘liq ochishga xalaqit beradi, – dedi Artur Fayzulin.
Ayni vaqtda Artur xalqaro musobaqalarda ishtirok etib, yurt bayrog‘ini baland ko‘tarishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
– Maqsad bor, muddao ham. Muhimi, doimiy harakatda bo‘lib, g‘alaba qozonish. Bu esa mening eng asosiy shiorimga aylandi, – deydi u.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri