Arnasoyda g‘alla parvarishiga e’tibor qaratilmoqda
Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida joriy yil hosili uchun 8 ming 800 gektar maydonda g‘alla parvarishlanmoqda. Mutaxassislarning fikricha, agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida sifatli bajarilayotgani hosildorlikni oshirishga zamin yaratmoqda.
– Tumanimizdagi fermer xo‘jaliklari g‘allachilikda katta tajribaga ega, – deydi “O‘zagroinspeksiya”ning Arnasoy tuman bo‘limi bosh mutaxassisi Ravshan Xoliqov. – Baravj o‘sayotgan maysalardan ham ularning omilkorligini bilsa bo‘ladi. Ayni paytda ekinlarni mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish, begona o‘tlar va zang kasalligiga qarshi dorilash ishlari izchillik bilan amalga oshirilayotganini ta’kidlab o‘tish joiz.

E’tiborli jihati, har bir fermer hosildorlikni kamida 70 sentnerdan oshirishni niyat qilgan. Hozirgi kunda 7 ta fermer xo‘jaligining 166 gektar, 356 ta fermer xo‘jaligida 8634 gektar yer maydonlariga mahalliy nav avlodiga tegishli don urug‘lari ekilib, g‘alla parvarishlash qizg‘in davom etmoqda.
Shu kunlarda g‘allani bahorgi ikkinchi oziqlantirish ishlari olib borilib, ushbu jarayon davomida 154 ta fermer xo‘jaligidagi 3494 gektar maydon azotli mineral o‘g‘itlar bilan, 4478 gektar maydonda bargdan oziqlantirish (suspenziya) ishlari olib borilmoqda.

G‘alla parvarishida mineral o‘g‘itlarning ahamiyati benihoya katta bo‘lib, ekinlarni oziqlantirishda mahalliy o‘g‘itdan ham foydalanilsa, nihollar baravj rivojlanadi, suvga bo‘lgan talabi kamayadi. Belgilangan chora-tadbirlar asosida dalalarga mahalliy o‘g‘it chiqarish, ekinlarni “sharbat” usulida sug‘orish va azotli o‘g‘itlar bilan oziqlantirish ishlari ham izchillik bilan amalga oshirilmoqda.
“O‘zagroinspeksiya”ning Arnasoy tuman bo‘limi tomonidan fermer xo‘jaliklarida g‘alla parvarishi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar nazoratga olinib, tegishli ko‘rsatmalar berib borilmoqda.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari