Arnasoyda chorvachilik rivojlanadi
Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida chorvachilikni rivojlantirish uchun yem-xashak ta’minotini mustahkamlashga e’tibor qaratilmoqda.
Tuman hokimining naslchilik bilan shug‘ullanayotgan va bu yo‘nalishda ilk qadamlarini qo‘yayotgan xonadonlarga tashrifi davomida aholi bilan yuzma-yuz muloqotlarda chorva mollarini asrash, parvarishlash sharoitlarini yaxshilash, nasl sifatini oshirish va ozuqa zaxirasini o‘z vaqtida shakllantirish masalalari muhokama qilindi.

Zero, chorvadan mo‘l hosil olish uchun uning nasldorligi bilan bir qatorda, oziqlantirish tartibi va saqlash sharoiti ham muhim. Qish-qirovli kunlarning g‘amini yozdan yeyish, yem-xashakni oldindan jamg‘arish, mavjud imkoniyatlarni to‘g‘ri hisob-kitob bilan ishlatish chorvachilikda barqaror natijaning muhim shartlaridir. Bugungi oqilona yondashuv ertangi kun mahsuldorligini belgilaydi.
Ayniqsa, imtiyozli kreditlar hisobiga chorvachilik faoliyatini boshlayotgan xonadonlar uchun bu yo‘nalish yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, sut va go‘sht yetishtirishni ko‘paytirish orqali ro‘zg‘or daromadini oshirish mumkin. Eng muhimi, to‘g‘ri tashkil etilgan mehnat xonadonda uzluksiz daromad manbaini shakllantirishga xizmat qiladi.

Uchrashuvlarda mavjud muammolarni aniqlash, ozuqa ta’minotini samarali yo‘lga qo‘yish va berilgan imkoniyatlardan maqsadli foydalanish zarurligiga ham urg‘u berildi. Chunki har bir xonadonda boshlangan xayrli ishning samarasi nafaqat bir oila, balki butun tuman taraqqiyotida ham namoyon bo‘ladi.
Arnasoyda chorvachilikni rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlar izchil davom etsa, nasldor mollar soni va mahsuldorlikni oshirish, aholi farovonligini mustahkamlash uchun yanada keng imkoniyatlar yaratiladi.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri