Arktika uchun kurash: Yevropa nega shoshilinch strategiyasini o‘zgartirmoqda?
Arktika endi muzli qoyalar hududi emas, balki jahonning yangi geosiyosiy maydoniga aylanmoqda. Yevropa Ittifoqi bu voqelikka moslashish uchun Arktika siyosatiga shoshilinch tarzda qayta qaray boshladi. Ursula fon der Lyayenning Grenlandiyaga tashrifi ham bejiz emas: Rossiyaning harbiy faolligi, Xitoyning iqtisodiy ekspansiyasi va AQSHning mintaqadagi manfaatlari Yevropani Arktikada o‘z o‘rnini saqlab qolish haqida jiddiy o‘ylashga majbur qilmoqda.
2021-yilda qabul qilingan YeI Arktika siyosati asosan iqlim o‘zgarishi va xomashyo masalalariga qaratilgan edi. Bugungi voqelik esa butunlay boshqacha. Muzlarning tez erishi yangi dengiz yo‘llarini ochmoqda, mintaqaning tabiiy resurslari esa yirik davlatlar o‘rtasidagi raqobatni kuchaytirmoqda.
Rossiya Arktikada harbiy ishtirokini kengaytirsa, Xitoy “Qutb ipak yo‘li” orqali Yevropa va Osiyoni bog‘laydigan yangi transport yo‘laklarini shakllantirishga intilmoqda.
Ekspertlar fikricha, Yevropa yangi strategiyani kechiktirsa, Arktikadagi ta’sirini boshqa kuchlarga boy berishi mumkin. Shu bois, Bryussel endi faqat ekologiya va iqtisodiyot haqida emas, balki mudofaa, xavfsizlik, muzyorar kemalar, infratuzilma va strategik resurslar haqida ham bosh qotirmoqda. NATO ham “Arctic Sentry” tashabbusini ishga tushirib, harbiy qudratini kuchaytirishga kirishdi.
Eng muhimi, Arktika uchun kurash endi faqat shimoldagi muzliklar taqdiri haqida emas. Bu — yangi dengiz yo‘llari, strategik xomashyo, harbiy ustunlik va kelajakdagi global ta’sir uchun raqobatdir. Shu ma’noda, Arktika dunyo xaritasidagi “sovuq nuqta”dan jahon siyosatidagi eng qizg‘in maydonlardan biriga aylanmoqda. Yevropa esa bu kurashga kech qo‘shilib qolmaslik uchun o‘z strategiyasini tezlashtirishga majbur.
Musulmon Ziyo, O‘zA