Argentina milliy terma jamoasi asosiy darvozaboni qancha vaqtda safga qaytishi ma'lum bo'ldi
33 yoshli tajribali posbon Germaniyaning «Frayburg» jamoasiga qarshi kechgan va 3:0 hisobidagi g‘alaba bilan yakunlangan Yevropa Ligasi final uchrashuvi oldidan, chigalyozdi mashg‘ulotlarida barmog‘ini sindirib olgan edi.
Angliyaning «Aston Villa» klubi hamda Argentina milliy terma jamoasi darvozaboni Emiliano Martines kichik sinish oldi. Bu haqda taniqli insayder-jurnalist Gaston Edul xabar berdi.
Avvalroq tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, 33 yoshli tajribali posbon Germaniyaning «Frayburg» jamoasiga qarshi kechgan va 3:0 hisobidagi g‘alaba bilan yakunlangan Yevropa Ligasi final uchrashuvi oldidan, chigalyozdi mashg‘ulotlarida barmog‘ini sindirib olgan. Shunga qaramay, u kuchli og‘riq bilan butun o‘yin davomida darvozani qo‘riqlagan.
Tibbiy ko‘riklardan so‘ng, jarohat jiddiy bo‘lsa-da, jarrohlik amaliyotiga (operatsiyaga) zarurat yo‘qligi ma’lum qilindi. Shifokorlarning xulosasiga ko‘ra, darvozabon taxminan 20 kun davomida maydonga tusha olmaydi va tiklanish jarayonini o‘taydi.
Ayni paytda Emiliano Martines bor e’tiborini tezroq sog‘ayib, Argentina terma jamoasining jahon chempionatidagi ilk uchrashuviga qadar to‘liq tayyor bo‘lishga qaratgan. Mutaxassislarning fikricha, u mundial boshlangunga qadar safga qaytishga ulguradi.
Biroq, jarohat sababli darvozabon Argentina terma jamoasining JCh-2026 oldidan o‘tkazadigan o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazib yuborishga majbur. Xususan, u 7-iyun kuni Gonduras hamda 9-iyun kuni Islandiya terma jamoalariga qarshi kechadigan nazorat bahslarida ishtirok etmaydi.
Eslatib o‘tamiz, futbol bo‘yicha 2026-yilgi jahon chempionati joriy yilning 11-iyunidan 19-iyuliga qadar AQSH, Kanada va Meksika maydonlarida bo‘lib o‘tadi. Amaldagi jahon chempioni hisoblangan Argentina milliy terma jamoasi turnirdagi o‘zining ilk uchrashuvini 17-iyun kuni o‘tkazadi.