Argentina futbol assotsiatsiyasi Janni Infantinoni qo‘llab-quvvatladi
So‘nggi voqealar munosabati bilan futbol jamoatchiligida ko‘plab savollar va noaniqliklarni yuzaga keltirgan loyihadan voz kechish qarorini alohida ta’kidlashni lozim deb hisoblaymiz.
Argentina futbol assotsiatsiyasi (AFA) FIFA prezidenti Janni Infantinoni qo‘llab-quvvatlovchi rasmiy bayonot e’lon qildi.
«Argentina futbol assotsiatsiyasi va uning Ijroiya qo‘mitasi nomidan so‘nggi 10 yil davomida sizning rahbarligingiz ostida amalga oshirilgan ishlarni qo‘llab-quvvatlashimizni bildiramiz. Bu davrda asosiy e’tibor butun dunyoda futbolni rivojlantirish hamda aniq, barqaror va shaffof boshqaruv modeli asosida institutsional tizimni mustahkamlashga qaratildi.
So‘nggi voqealar munosabati bilan futbol jamoatchiligida ko‘plab savollar va noaniqliklarni yuzaga keltirgan loyihadan voz kechish qarorini alohida ta’kidlashni lozim deb hisoblaymiz.
Shuningdek, jarayon davomida yo‘l qo‘yilgan xatolarning tan olinishi va FIFAga a’zo 211 ta federatsiyadan uzr so‘ralishi muhim qadam bo‘ldi.
Bizning fikrimizcha, Infantino rahbarligida FIFA katta o‘zgarishlarni amalga oshirdi. Tashkilot barcha a’zo federatsiyalar va konfederatsiyalar uchun yanada ochiq bo‘ldi. Halol va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot orqali futbolni barcha darajalarda birgalikda rivojlantirish imkoniyati yaratildi.
Kelgusi FIFA Kongressi yaqinlashar ekan, Argentina futbol assotsiatsiyasi futbolni yanada rivojlantirish, mukammal va inklyuziv qilish uchun Janni Infantino rahbarligida ishlashni davom ettirish to‘g‘ri yo‘l ekaniga qat’iy ishonadi», — deyiladi AFA bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq FIFA jahon chempionati huquqlarining bir qismini xususiy investorlarga sotish rejasi bo‘yicha yo‘l qo‘yilgan xatolar uchun rasman uzr so‘ragan edi.