Arabxonadagi muammolar partiya va deputatlar nazoratida
Buxoro viloyati Olot tumani Arabxona mahalla fuqarolar yig‘ini hududi “Obod mahalla” Davlat dasturi asosida ko‘rkam qiyofa kasb etmoqda.
Arabxonaliklar hududda bo‘layotgan yangilanish va o‘zgarishlarni nafaqat qalban his etib, balki kundalik hayotda ko‘rib turibdi.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-Demokratik partiyasi viloyat Kengashi mas’ul xodimlari hamda tumandagi mahalliy kengash deputatlari Arabxona MFY hududidagi bunyodkorlik, obodonchilik, ko‘kalamzorlashtirish ishlarida ham faol qatnashib kelmoqda.
– Hududda 6 ta ya’ni Ziyokor, Sherobod, Arabxona, Yangiyer, Nurli yo‘l va Yulduzlar ko‘chalari mavjud. – deydi O‘zbekiston Liberal-Demokratik partiyasi tuman Kengashi raisi, xalq deputatlari tuman kengashi deputati Chinnigul Quvondiqova.
– Har bir ko‘chaga partiyamizdan saylangan deputatlar, O‘zLiDeP faollari biriktirildi. Ular xonadonma-xonadon yurib, aholi muammolarini o‘rgandi. Mavjud muammolar partiyaviy vositalar orqali hal qilinishiga kelishib olindi. Aksariyat muammolar yuzasidan tegishli mutasaddi tashkilotlarga deputatlik so‘rovlari chiqarildi. Shuningdek, xalq deputatlari tuman Kengashining O‘zLiDeP deputatlik guruhi tomonidan doimiy komissiya hamda navbatdagi sessiya kun tartibiga kiritish uchun masalalar tayyorlanmoqda. Hududda 39 nafar xotin-qizlar “Ayollar daftari”ga kiritilgan. Ayni paytda ishchi guruhlari tomonidan ularning bandligi ta’minlanmoqda.

– 20 sotix hovli-joyim bor, – deydi “Arabxona” ko‘chasidagi uylarning birida yashovchi Gulchehra O‘rinova. – Oilamizda faqat turmush o‘rtog‘im ishlardi. 3 nafar qizim va men ishsiz edik. Ishchi guruhi tomonidan qizlarim tumandagi “Zarhalteks” MCHJ korxonasiga ishga joylashtirildi. Menga esa tomorqam hisobidan subsidiya asosida bir sotixlik issiqxona barpo etib berildi. Issiqxonada pomidor, bodring ekishni boshladim. Uy-joyimiz ta’mirlab berildi. Buning uchun Yurtboshimga rahmat aytaman. Juda ham xursandmiz.
– Tumanda ayollar bandligini ta’minlash maqsadida 4 ta “Dilroz”, “Dilnura”, “Zvyozdochka”, “Kumushbegim” nomli oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini yo‘lga qo‘ydim, – deydi O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan saylangan tuman kengashi deputati Umida Rahmatova. – Ayni kunda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 12 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlandi. Shu bilan birga, davlatimiz rahbarining Olot tumaniga tashrifi chog‘ida tavsiya etilgan 12 metrlik konteynerni 3 yillik imtiyozli kredit asosida 64 million 700 ming so‘mga olib, u yerda oziq-ovqat va ovqatlanish shohobchasini tashkil etdim. Natijada 2 ta ish o‘rni yaratildi.
Deputat Umida Rahmatova tomonidan unga biriktirilgan Arabxona MFY 4-sektorga qarashli Sherobod ko‘chasi hududidagi 8 ta xonadonlarni obodonlashtirish va tartibga keltirish topshirilgan edi. Uning sa’y-harakati bilan homiylik asosida xonadonlardagi deraza oynalari almashtirilib, uylarning devorlari oqlab berilgan. Xonadonlardagi ariqlar tozalanib, tomorqalarga suv oqib keladigan yo‘llar ochilgan.
Zarif Komilov, O‘zA