“Aquatherm Tashkent-2026”: Turkiya kompaniyasi O‘zbekiston bozoridagi faoliyatini kengaytirmoqda
Yurtimizda qurilish va shaharsozlik sohasining jadal rivojlanishi isitish, ventilyatsiya, suv ta’minoti, santexnika hamda boshqa muhandislik tizimlariga bo‘lgan talabni ham oshirmoqda. Ayniqsa, zamonaviy va energiya tejamkor yechimlarni joriy etish yangi qurilish loyihalarining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanyapti.
Bu jarayonda xalqaro kompaniyalarning O‘zbekiston bozoriga kirib kelishi va mahalliy hamkorlar bilan aloqalarni kengaytirishi sohadagi yangi texnologiya va tajribalarni jalb etish imkonini bermoqda.
Poytaxtimizda o‘tkazilayotgan “Aquatherm Tashkent-2026” xalqaro ko‘rgazmasi ham isitish, ventilyatsiya, suv ta’minoti va boshqa yo‘nalishlardagi zamonaviy yechimlarni namoyish etish uchun muhim maydon bo‘lmoqda.
[gallery-31818]
Ko‘rgazmada ishtirok etayotgan “Ayvaz” kompaniyasi eksport savdosi bo‘yicha mutaxassisi Gulnora Ibrohimli ham mazkur tadbirning ahamiyati haqida o‘z fikrlarini bildirdi:
– “Ayvaz” kompaniyasi 1948-yilda Turkiyada tashkil etilgan. Kompaniya kompensatorlar, egiluvchan metall shlanglar, berkituvchi armaturalar, yong‘in uskunalari, shuningdek, kondensat qopqonlari va sath o‘lchagichlar ishlab chiqaradi.
Biz Toshkentdagi “O‘zekspomarkaz” markaziy ko‘rgazmalar majmuida o‘z ishini boshlagan “Isitish, ventilyatsiya, havoni isitish va sovutish, suv ta’minoti, santexnika, basseynlar, atrof-muhitni muhofaza qilish texnologiyalari, muqobil energiya manbalari – Aquatherm® Tashkent-2026” xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etyapmiz. Bu yil “Ayvaz” kompaniyasi ushbu ko‘rgazmada birinchi marta qatnashmoqda. Joriy yildan boshlab Toshkentdagi yangi vakolatxonamiz - “Yuroturk” ham o‘z faoliyatini boshladi.
“Aquatherm” ko‘rgazmasidan katta umidlarimiz bor. Bu yerda ko‘plab yangi mijozlar bilan tanishish va hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishni istaymiz. Ko‘rgazma kompaniyamiz mahsulotlarini taqdim etish, potensial hamkorlar bilan muloqot qilish va O‘zbekistonda yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yish uchun yaxshi imkoniyat.
Ayniqsa, “Yangi Toshkent” loyihasining amalga oshirilayotgani biz uchun yangi imkoniyatlarni ochmoqda. Yangi Toshkent qurilmoqda. Shuning uchun biz ushbu loyihada hamkor bo‘lishni va O‘zbekistonda yanada ko‘proq, sifatli loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etishni kutyapmiz.
Ko‘rgazma doirasida biz kompaniyamiz mahsulotlarini mahalliy mutaxassislar va potensial hamkorlarga taqdim etib, O‘zbekistondagi yangi loyihalarda ishtirok etish imkoniyatlarini o‘rganyapmiz. “Aquatherm Tashkent-2026” esa yangi mijozlar bilan muloqot qilish va hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish uchun muhim maydon, – dedi Gulnora Ibrohimli.
Nasiba Ziyodullayeva,
Oybek Pardayev (surat),
O‘zA