AQSHning Indoneziya bilan savdo bitimi tafsiloti oshkor qilindi
Savdo bitimi doirasida Indoneziya 15 milliard dollarlik energiya resurslari, 4,5 milliard dollarlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va 50 ta Boing samolyoti, jumladan 777 modelni sotib oladi, deb yozgan AQSH Prezidenti Donald Tramp ijtimoiy tarmoq sahifasida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kelishuv natijasida Qo‘shma Shtatlar birinchi marta aholisi 280 milliondan ortiq Indoneziya bozoriga to‘liq kirish huquqiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga Indoneziyadan AQSHga eksport qilinadigan mahsulotlarga 19 foiz boj joriy etiladi, Amerika tovarlari boj va boshqa cheklovlardan ozod qilinadi.
«Biz Amerika va Indoneziya xalqi uchun muvaffaqiyatga erishishda davom etamiz!», deya qat’iy ta’kidladi AQSH yetakchisi.
2 aprel kuni Oq uy rahbari boshqa mamlakatlardan import qilinadigan mahsulotlarga “o‘zaro” boj joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan. Bazaviy stavka - 10 foiz, 57 davlat uchun 9 apreldan boshlab oshirilgan stavka qo‘llana boshlaydi. Bu miqdor Qo‘shma Shtatlarning ma’lum bir davlat bilan savdo kamomadidan kelib chiqqan holda hisoblangan. Binobarin, 9 aprel kuni Tramp 75 dan ortiq davlat javob chorasini ko‘rmagani va muzokara o‘tkazishni so‘ragani haqida ma’lum qilgan. Shuning uchun 90 kun davomida, ya’ni 9 iyulgacha 10 foizlik asosiy import boji qo‘llana boshlagan. Ushbu sana munosabati bilan Prezident xorijiy tovarlarga oshirilgan import bojini vaqtincha to‘xtatib turish muddatini 1 avgustga qadar uzaytirdi va shu kundan boshlab qator davlatlarga boj oshirilishi to‘g‘risida bildirishnoma yuborildi.
S.Rahimov, O‘zA