AQSHda yoqilg‘i narxining qimmatlashi Oq uyga bosimni kuchaytirmoqda
Eron mojarosi cho‘zilib borayotgan bir paytda Qo‘shma Shtatlarda yoqilg‘i narxining keskin oshishi prezident ma’muriyati uchun yangi siyosiy va iqtisodiy muammolarni yuzaga keltirmoqda.
“Reuters” nashri yozishicha, Oq uy hozir yoqilg‘i narxini pasaytirish bo‘yicha cheklangan imkoniyatga ega bo‘lib qolgan. Ma’lum qilinishicha, Donald Tramp ma’muriyati federal benzin solig‘ini vaqtincha bekor qilish masalasini ko‘rib chiqmoqda.
Shuningdek, AQSH neft bozoridagi vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda. Xususan, Hurmuz bo‘g‘ozi atrofidagi keskinlik tufayli jahon neft ta’minotida uzilish xavfi ortib bormoqda. Bu yo‘lak orqali dunyo neftining qariyb beshdan biri tashiladi.
Prezident Tramp jurnalistlar bilan muloqotda Eron yadroviy qurolga ega bo‘lmasligi kerak, deya bayonot bergan. AQSH Energetika vazirligi ichki bozordagi bosimni yumshatish maqsadida strategik neft zaxiralaridan qo‘shimcha 53,3 million barrel neft ajratilishini ma’lum qildi.
D.Hakimov, O‘zA