AQSHda “Samarqand Digital Hub” innovatsion markazi ish boshladi
AQSHga amaliy tashrif doirasida Samarqand viloyati hokimligi delegatsiyasi tarkibida Raqamli texnologiyalar vazirligining Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi vakillari bir qator uchrashuv va tadbirlarda ishtirok etdi. Jumladan, San Fransisko shahrida “Samarqand Digital Hub” innovatsion markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida markazda yaratilgan zamonaviy infratuzilma, texnologik imkoniyatlar hamda startap loyihalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishildi. “Samarqand Digital Hub” faoliyatining ilk kunidayoq “Humonola Inc” kompaniyasi bilan startap loyihalarini rivojlantirishga qaratilgan hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Mazkur kelishuv o‘zbekistonlik yosh dasturchilar va innovatorlarga o‘z loyihalarini xalqaro bozorlarda, xususan AQSHda ilgari surish imkoniyatlarini kengaytiradi. Shuningdek, AQSHning Missuri shtatida xorijiy investorlar va biznes vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, O‘zbekistonda raqamli texnologiyalar sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, IT Park rezidentlari uchun yaratilgan imkoniyatlar hamda investitsiyaviy salohiyat taqdim etildi.

Muloqotlar davomida telekommunikatsiya, AT xizmatlari, investitsiyalarni boshqarish va texnologik loyihalarni rivojlantirish yo‘nalishlarida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, delegatsiya Vebster universiteti prezidenti Tim Kin bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Unda sun’iy intellekt va zamonaviy AT yo‘nalishlarida malakali kadrlar tayyorlash, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish hamda qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Mazkur tashriflar O‘zbekistonning xalqaro innovatsion va texnologik hamkorlik aloqalarini kengaytirish, startap ekotizimini rivojlantirish hamda yoshlarning global texnologik hamjamiyat bilan integratsiyasini kuchaytirishga xizmat qiladi.
N.Rahmonova, O‘zA