AQSHda o‘zbek masjidi barpo etilmoqda
Amerika Qo‘shma Shtatlarining Sinsinnati shtatida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomidagi O‘zbekiston jome masjidi barpo etilmoqda. “Hamkor Uz Cincinati Association” o‘zbek diasporasi tashkiloti mulki sifatida qurilayotgan masjid 2,7 gektar maydondan iborat.
Ayni paytda “Hamkor Uz Cincinati Association” o‘zbek diasporasi tashkiloti Ogayo shtatining arxitektura va qurilish kompaniyalari o‘rtasida qurilajak binoni loyihalash va dizayn smetalarini tayyorlash bo‘yicha tanlov e’lon qilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, majmua hududida 600-700 kishiga mo‘ljallangan ibodat uchun asosiy bino, tahorat olish xonalari va boshqa maxsus yordamchi inshootlar va yuzdan ortiq avtomobil uchun to‘xtash joyi barpo etiladi. Shuningdek, majmuada “Hamkor Uz Cincinati Association” o‘zbek diasporasi vakolatxonasi hamda o‘zbek tili va adabiyoti, odobnoma va boshqa fanlar bo‘yicha vatandoshlarimiz farzandlari o‘qiydigan sinf xonalari joylashadi.
Loyiha Amerika Qo‘shma Shtatlarida yashovchi vatandoshlar tomonidan amalga oshiriladigan ehson mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladi.
Sinsinnati shahrida o‘zbek masjidini qurish bo‘yicha tashabbus O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan olqishlanishi, shubhasiz. Masjid qurilishi yakunlangach, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan respublikadagi imom-xatiblardan birini ushbu maskanda diniy xizmatlarni bajarishga yuborish masalasi ko‘rib chiqiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA