AQSH Meksikadagi jinoiy guruhlarning dron imkoniyatlaridan xavotirda
Meksikadagi jinoiy to‘dalar dron texnologiyalarini jadal o‘zlashtirib, Ukrainada jangovar tajriba orttirgan mutaxassislarni o‘z safiga jalb qilmoqda. Bu esa AQSHning giyohvand moddalar kontrabandasi va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish sa’y-harakatlariga jiddiy tahdid tug‘dirmoqda.
“The Washington Post” gazetasi AQSH hukumatining ichki baholash hujjatiga tayanib xabar berishicha, kartellar asosan Ukrainadagi harbiy harakatlarda qatnashgan kolumbiyaliklarni yollamoqda. Shuningdek, o‘z a’zolarini ham dronlarni boshqarish va zamonaviy jangovar texnologiyalarni o‘zlashtirish uchun Ukrainaga yubormoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, jinoiy guruhlar elektron vositalarni chetlab o‘tish usullarini o‘rganib, uzoqroq parvoz qiladigan va ko‘proq yuk ko‘tara oladigan dronlarni xarid qilmoqda. Ayrim kartellar esa Xitoydan o‘qotar qurollar bilan jihozlash mumkin bo‘lgan uchuvchisiz apparatlarni sotib olgan.
Ukraina Mudofaa vazirligi xorijlik ko‘ngillilar tekshiruvdan o‘tkazilishini bildirgan. AQSH Davlat departamenti esa ukrainalik hamkorlar bilan birgalikda jangovar ko‘nikmalarning jinoiy guruhlar qo‘liga o‘tishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rayotganini ma’lum qilgan.
S.Rahimov, O‘zA