AQSH-Eron ziddiyati qachon tugaydi?
Eron va AQSH o‘rtasidagi qarama-qarshilik tobora ochiq to‘qnashuv tusini olib, nafaqat mintaqa, balki butun jahon xavfsizligiga jiddiy tahdid solmoqda.
Ayniqsa, Hurmuz bo‘g‘ozida vaziyat yanada taranglashib, Eron tomoni Qo‘shma Shtatlar harbiy kemalarini o‘z neft tankerlariga hujum qilishda va avvalgi sulh kelishuvlarini buzishda aybladi. Javob tariqasida amalga oshirilgan zarbalardan keyin strategik ahamiyatga ega bo‘lgan bo‘g‘oz faoliyati izdan chiqdi va minglab dengizchilar noaniq muddatga hududda qamalib qoldi.
Shu bilan birga, Tehron osmonida havo hujumidan mudofaa tizimlarining ishga tushishi ortidan yuz bergan portlashlar aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib, dunyo jamoatchiligini xavotirga solmoqda.
Oq uy rahbari Donald Tramp o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv hali ham amalda ekanligini ta’kidlayotgan bo‘lsa, Tehron Vashingtonni ochiq agressiyada ayblab, barcha voqealar uchun AQSHni mas’ul deb hisoblamoqda.
Bu qarama-qarshilik nafaqat ikki davlat munosabatlariga, balki xalqaro tashkilotlar va global ittifoqlar ichidagi muvozanatga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. NATO va OPEK kabi yirik tuzilmalarda ham fikrlar bo‘linishi kuzatilgan.
Qayd etilishicha, mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal etishga bo‘lgan urinishlar ham to‘xtagani yo‘q. Xitoyning vositachilik faolligi tobora kuchayib, Pekin va Tehron o‘rtasidagi muzokaralar xalqaro siyosatning asosiy mavzularidan biriga aylandi.
Ko‘pchilik “XXR urushning oldini ola oladimi?” degan savolga javob izlamoqda. Hozirda AQSH tomonidan taklif etilgan tinchlik shartlari muhokama qilinmoqda, ammo Eronning bu shartlarga qanday munosabat bildirishi hali noma’lum.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA