AQSH – Eron muzokarasi chigallashmoqda
“Reuters” agentligi yozishicha, AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron tomonining so‘nggi taklifini keskin tanqid qilgan va bu holat Vashington va Tehron o‘rtasida mojaroni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishish umidini susaytiryapti.
Tramp jurnalistlar bilan muloqotda Eron yuborgan javobni qabul qilib bo‘lmasligini aytib, 7-apreldan amal qilib kelayotgan o‘t ochishni to‘xtatish rejimi juda zaif holatga kelib qolganiga e’tibor qaratgan.
Ma’lumotga ko‘ra, Eron AQSH taklif etgan shartga rozi bo‘lmagan. Tehron urushni butun front bo‘ylab to‘xtatish, jumladan Hizbulloh bilan bog‘liq mojaroni ham qamrab olishni talab qilmoqda. Shuningdek, Hurmuz bo‘g‘ozi ustidan mustaqil nazorat huquqini saqlab qolish, AQSHdan harbiy zarar uchun tovon puli olish va dengiz qamalini bekor qilishni so‘ragan.
Vashington avval mojaroni to‘xtatib, keyinroq yadroviy dastur kabi murakkab masala bo‘yicha muzokara o‘tkazishni taklif etgan edi. Kelishmovchilik asnosida neft bozorida ham keskin o‘zgarish kuzatildi. “Brent” nefti narxi 104 dollardan oshdi. Mutaxassislar buni Hurmuz orqali dengiz qatnovi keskin qisqargani bilan izohlamoqda. Urush boshlanishidan oldin dunyo neft va suyultirilgan gaz tashuvining salmoqli qismi shu yo‘lak orqali amalga oshirilgan.
Xabarlarga qaraganda, hujumdan xavotir sabab, ayrim neft tankerlari navigatsiya tizimini o‘chirgan holda harakatlanmoqda. Shuningdek, Qatardan suyultirilgan gaz ortib yo‘lga tushgan yana bir kema bo‘g‘oz orqali o‘tishga uringani aytilmoqda.
AQSH Eron neftini Xitoyga yetkazishga aloqador shaxs va kompaniyalarga qarshi yangi sanksiya joriy qildi. Vashington shu tariqa Tehron harbiy va yadroviy dasturlarini moliyalashtirish manbalariga zarba berish niyatida.
Ayni payt Marko Rubio Avstraliya va Britaniya tashqi ishlar vazirlari bilan Hurmuzda erkin harakatni tiklash masalasini muhokama qildi. Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan esa Qatarda mojaro va dengiz xavfsizligi masalasi yuzasidan muzokara o‘tkazishi kutilyapti.
D.Hakimov, O‘zA