AQSH delegatsiyasi Mudofaa vazirligida
Mamlakatimizda bo‘lib turgan Amerika Qo‘shma Shtatlari Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni general Maykl Kurilla boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi markaziy apparatiga ham tashrif buyurdi.
Yuqori martabali mehmonlarni mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov qabul qildi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi munosabat tenglik, ishonch va hurmat, o‘zaro manfaatlarni inobatga olish tamoyili asosida rivojlanayotgani, strategik sheriklik darajasiga yetgani qayd etildi.
Muloqot chog‘ida mudofaa vazirliklari o‘rtasidagi sheriklikning joriy holati va istiqboli, harbiy, harbiy-texnik sohadagi do‘stona hamkorlikning muhim jihatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan birgalikdagi sa’y-harakatlarga ham alohida urg‘u berildi.
– Ayni vaqt men AQSH Markaziy qo‘mondonligi faoliyatiga daxldor 21 mamlakat bo‘ylab 90 kunlik tanishuv safaridaman, – dedi general Kurilla.
AQSH rasmiysi an’anaviy mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi.

Ulug‘bek MAHMIRZAEV, O‘zA muxbiri