“Aqlli tarmoq” – "Smart Grid" joriy etilmoqda
– Farg‘onada elektr tarmoqlarini raqamli monitoring qilish bo‘yicha yangi amaliyot joriy etilmoqda. Bu Prezidentimiz tomonidan energetika tizimida raqamlashtirish va zamonaviy texnologiyalarni keng tatbiq etish bo‘yicha belgilangan vazifalarning amaliy ifodasidir, – deydi Farg‘ona viloyat elektr tarmoqlari boshqarmasi axborot xizmati rahbari Abduvohid Turdiyev.
– Xususan, Farg‘ona tumanidagi 10 kVli “Shifoxona” elektr uzatish tarmog‘iga yangi avlod “CBGZ-3000 Digital Fault Indicator Monitoring System” qurilmasi o‘rnatildi. Mazkur texnologiya O‘zbekistonda ilk bor amaliyotga joriy etilmoqda.

Raqamli monitoring tizimi elektr tarmog‘idagi nosozliklarni tezkor aniqlash va ularning joylashuvini belgilashga yordam beradi. Bu esa avariya joyiga brigadalarni tezroq yo‘naltirish, nosozliklarni bartaraf etish va elektr ta’minotini tiklash muddatini qisqartirish imkonini beradi.

Natijada vaqt, yoqilg‘i va mehnat resurslari tejaladi, transport qatnovlari optimallashadi. Elektr ta’minotidagi uzilishlar vaqtini qisqartirish esa aholi, ijtimoiy soha ob’ektlari, tadbirkorlik sub’ektlari va ishlab chiqarish korxonalari faoliyati barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Farg‘ona tumanida boshlangan ushbu tajriba kelgusida boshqa elektr tarmoqlariga ham joriy etilishi, ularni “aqlli tarmoq” – “Smart Grid” tamoyillari asosida rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Muhammadjon Obidov,
O‘zA