Aqlli svetoforlar – innovatsion yondashuv
Hozirgi kunda Farg‘ona viloyatida avtomobil yo‘llari 19 ming 950 kilometrdan ortiq bo‘lib, hududning 4 milliondan ziyod aholisiga qarashli shaxsiy avtomashinalar qariyb 450 mingtaga yetgan. Shunga ko‘ra yo‘llarda xavfsiz, qulay harakatlanishni tashkil etish, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida «yo‘l xaritasi» ishlab chiqildi.
Joriy yilda viloyatda yo‘l-transport hodisalari 23 foizga kamayishiga erishildi. Ammo bu xotirjam bo‘lish uchun yetarli emas.
Farg‘ona shahar xalqa yo‘lida soatiga o‘rtacha 20–22 mingta avtomashina harakatlanadi. Kunning tig‘iz vaqtlarida harakatlanish jadalligi va mashinalar qatnovi ko‘payadi. Shu maqsadda mazkur xalqa yo‘lida yangi qurib bitkazilayotgan Ekoshaharga kiraverishdagi 4 ta ko‘chaga muqobil energiya manbasi asosida ishlovchi aqlli svetofor qurilmasi o‘rnatildi. Chunki 300 gektar maydonda bunyod etilayotgan zamonaviy shaharchada yaqin istiqbolda 65 ming aholi istiqomat qiladi.
– Institutimiz qoshidagi innovatsiya markazida yaratilgan mazkur aqlli svetofor qurilmalari belgilangan tezlik me’yoriga qarab harakat ishtirokchisini ogohlantiradi, - deydi Farg‘ona politexnika instituti professori Sirojiddin Ergashev. – Shuningdek, Ekoshaharning ichki ko‘chalariga yangi yo‘l belgilari o‘rnatildi. U haydovchiga belgilangan tezlik me’yorini oldindan ko‘rsatadi.
[gallery-18717]
O‘z navbatida, innovatsion yo‘l belgisi ushbu hudud bo‘ylab harakatlanayotgan mashinalar tezligini nazorat qiladi. Mobil rejimda ishlovchi ushbu qurilmaga qo‘shimcha moslamalar o‘rnatish orqali uning xizmat faoliyatini yanada kengaytirish mumkin. Eng so‘nggi avlod chiplari o‘rnatilgani bois unda har qanday qo‘shimcha qurilmaga tez moslashish xususiyati mavjud. Aqlli svetofor qurilmalari kutilgan samarani bersa, innovatsion ishlanmani viloyat bo‘ylab ommalashtirish ko‘zda tutilgan.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA