“Aqlli mahalla” loyihasi ommalashmoqda
Tabiiy gaz ta’minotida uzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik, aholining ehtiyojini to‘liq qondirish va xizmat sifati bugungi kundagi dolzarb vazifalardan biridir.
Bu borada respublikamizda birinchilardan bo‘lib “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali tomonidan viloyat hududi bo‘ylab tatbiq etilayotgan “Avtomatlashtirilgan mahalla iste’mol nazorat-hisob balansi”ni joriy etish ijobiy natija bermoqda.

Jumladan, Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanidagi “Yopisxon” mahalla fuqarolar yig‘ini hududi aholini sifatli va kafolatlangan tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlashga qaratilgan “Aqlli mahalla” loyihasi zamonaviylashtirildi.
Ushbu mahalla hududining 0,6 kilometr qo‘shqator tarmoqlari yagona tarmoqqa o‘tkazilib, estetik jihatdan tartibga keltirilgan holda bo‘yoqlash ishlari amalga oshirildi. Bunda 221 ta aholi xonadonida ikki bosqichli tizim joriy qilindi. Har bir xonadonga aholi tomonidan jami 80 ta energiya tejamkor gaz jihozi o‘rnatildi.

– O‘ziga xos “Namangan tajribasi” bo‘lgan mazkur loyiha doirasida Yopisxonda bitta gaz taqsimlash qurilmasi demontaj qilinib, rusumi “RDUK-100” yuqori bosimli gaz taqsimlash punktiga o‘zgartirildi. Mahallaning kirish qismiga bir dona zamonaviy elektron gaz hisoblagich o‘rnatildi, – deydi “Uchqo‘rg‘on tumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi rahbari Jahongir Mahmudov. – Umuman olganda, mazkur mahallada avtomatlashtirilgan mahalla iste’mol nazorat – hisob balansi yo‘lga qo‘yildi.

Ta’kidlash joizki, “Aqlli mahalla” loyihasi doirasida viloyat bo‘yicha tanlab olingan 12 ta mahallada yashovchi xonadonlarga tortilgan mavjud har xil diametrdagi uzunligi 5421,7 kilometr gaz tarmoqlarini tartibga keltirish hamda bo‘yoqlash, qolaversa, aholi xonadonlaridagi mavjud hisoblagich uskunalariga jami 2 ming 280 ta regulyator o‘rnatish rejalashtirilib, bajarilgan ishlar natijasida hududlardagi 7 ming 170 xonadonda tabiiy gaz ta’minoti yaxshilanishiga, asosiysi 162,5 ming.m3 tabiiy gaz yo‘qotilishining oldi olishga erishildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA