Anvar Anvarovni “Brilliant Liga”da jiddiy raqiblar kutmoqda
Xitoyning Shanxay shahrida yengil atletika bo‘yicha “Brilliant Liga” musobaqasining ilk bosqich bahslari bo‘lib o‘tadi. Mazkur nufuzli musobaqada mamlakatimiz sharafini Anvar Anvarov himoya qiladi.
Erkaklar o‘rtasida uzunlikka sakrash bahslarida dunyoning eng kuchli atletlari g‘oliblik uchun kurash olib boradi. Unda Anvarga jahon reytingi yetakchisi italiyalik Mattia Furlani, reytingda to‘rtinchi o‘rinda borayotgan bolgariyalik Bojidar Sarboyukov, shuningdek, kuchli beshlikdan joy olgan avstraliyalik Liam Edkok kabi mashhur sportchilar raqiblik qiladi.
Atletlar uchun mazkur musobaqa ochiq stadionda o‘tadigan mavsum oldidan o‘ziga xos jiddiy sinov vazifasini o‘taydi. Shu bois har bir ishtirokchi qishki tayyorgarlik jarayoni samarasini namoyon etishga intiladi.
Qayd etish joiz, Shanxay bosqichi dasturi bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi uzunlikka sakrash bahslari musobaqaning ilk yo‘nalishi sifatida start oladi. Biroq ushbu tur "Brilliant Liga"ning yillik ochko jamg‘arish tizimi uchun reyting ochkolarini taqdim etmaydi.
Eslatib o‘tamiz, Anvar Anvarovning o‘tgan mavsumdagi eng yorqin natijalaridan biri Lozannada o‘tgan “Brilliant Liga” bosqichida qayd etilgan edi. O‘shanda hamyurtimiz 7,84 metr natija bilan barcha raqiblarini ortda qoldirib, “Brilliant Liga” musobaqasida g‘olib chiqqan ikkinchi o‘zbekistonlik atlet sifatida tarixga kirgan.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA