Anqarada Respublika kuni: tarix, g‘urur va bayram shukuhi
Turkiya poytaxti Anqara shahrida Respublika kuni (Cumhuriyet Bayramı) keng nishonlanmoqda. Joriy yilda Turkiya Respublikasi e’lon qilinganiga 103 yil to‘ldi. Ushbu tarixiy sana munosabati bilan shahar ko‘chalari, xiyobonlar va maydonlar bayramona bezatilib, poytaxt o‘zgacha qiyofa kasb etgan.
Anqaraning zamonaviy me’moriy inshootlari, mahobatli binolari, keng va ravon ko‘chalari bayram shukuhi bilan yanada ko‘rkam tus olgan. Turkiyaning davlat bayroqlari bilan bezatilgan xiyobonlar, tarixiy obidalar va gavjum maskanlar shaharda hukm surayotgan ko‘tarinki kayfiyatni yaqqol namoyon etmoqda.
1923-yil 29-oktabrda Turkiya Respublikasi e’lon qilingan. Mamlakat tarixida muhim o‘rin tutgan ushbu sana bugun ham milliy g‘urur, birdamlik va mustaqillik ramzi sifatida e’zozlanadi.
Bayramning eng ta’sirli manzaralari esa shahar aholisi va mehmonlarining quvonchli chehralarida aks etmoqda. Turli avlod vakillarining ko‘tarinki kayfiyati, ko‘chalardagi gavjumlik va tantanali muhit Anqara hayotiga alohida fayz bag‘ishlamoqda.
[gallery-32267]
Bugungi Anqara manzaralarida tarixiy meros va zamonaviy taraqqiyot uyg‘unligi ko‘zga tashlanadi. Poytaxtning diqqatga sazovor maskanlari, obod ko‘chalari va bayramona muhiti Turkiya Respublikasining 103 yillik tarixini o‘zida mujassam etgan o‘ziga xos manzarani namoyon qilmoqda.
A’lo ABDULLAEV (surat), O‘zA