Anqara va Ar-Riyod migratsiya sohasida hamkorlikni kuchaytiradi
Kuni kecha Turkiya va Saudiya Arabistoni rasmiy vakillari o‘rtasida ichki ishlar sohasida hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlanishicha, uchrashuvda Turkiya ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Mehmet Jangir va Saudiya Arabistoni ichki ishlar vaziri o‘rinbosari shahzoda Abdulaziz bin Muhammad bin Ayyof ishtirok etgan.
O‘zaro muloqotda pasport va raqamli identifikatsiya tizimlari, xorijiy fuqarolarning yashash uchun ruxsatnoma olish jarayonlari, ikki davlat o‘rtasida ichki ishlar sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Shuningdek, «Makka yo‘li» loyihasi yuzasidan ham fikr almashildi.
Uchrashuv doirasida Turkiya Ichki ishlar vazirligi Migratsiya boshqarmasi vakillari Saudiya Arabistoni tomoniga mamlakatning migratsiya jarayonlarini boshqarish sohasidagi tajribasi haqida ma’lumot berdi. Tomonlar mazkur yo‘nalishda tajriba va axborot almashinuvini kengaytirish, zamonaviy raqamli yechimlardan foydalanish hamda tegishli idoralar o‘rtasidagi amaliy aloqalarni mustahkamlash imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Ma’lumot o‘rnida: «Makka yo‘li» Saudiya Arabistoni Ichki ishlar vazirligi tomonidan «Saudi Vision 2030» dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish tashabbuslaridan biri hisoblanadi. Loyiha haj ziyoratchilarining Saudiya Arabistoniga kirish bilan bog‘liq asosiy rasmiy jarayonlarini ular yo‘lga chiqishidan oldin o‘z mamlakatlarida amalga oshirishni nazarda tutadi. Jumladan, elektron haj vizasini rasmiylashtirish, biometrik ma’lumotlarni olish, pasport nazorati, tibbiy talablarni tekshirish, shuningdek, yuklarni saralash va maxsus belgilash ishlari oldindan bajariladi.
Natijada ziyoratchilar Jiddadagi Qirol Abdulaziz xalqaro aeroporti yoki Madinadagi Shahzoda Muhammad bin Abdulaziz xalqaro aeroportiga yetib kelgach, qo‘shimcha rasmiyatchiliklarsiz maxsus yo‘laklar orqali avtobuslarga o‘tib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri yashash joylariga yo‘l oladi. Ularning yuklari esa tegishli xizmatlar tomonidan manzilga yetkazib beriladi.
Turkiya mazkur tashabbus ishtirokchilaridan biri bo‘lib, 2026-yilgi haj mavsumida ham mamlakatda «Makka yo‘li» dasturi amalga oshirildi. Saudiya Arabistoni rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 18-aprel kuni Istanbul va Anqara aeroportlaridan ushbu loyiha doirasidagi dastlabki ziyoratchilar reyslari Madinaga yo‘l olgan.
2026-yilda «Makka yo‘li» tashabbusi qamrovi 10 mamlakatdagi 17 ta xizmat ko‘rsatish nuqtasigacha kengaytirildi. Ular qatorida Turkiya bilan birga Marokash, Indoneziya, Malayziya, Pokiston, Bangladesh, Kot-d’Ivuar, Maldiv orollari, Senegal va Bruney ham bor. Saudiya Arabistoni rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, 1447 hijriy yil haj mavsumida mazkur tizim orqali 388 ming 694 nafar ziyoratchiga xizmat ko‘rsatilgan.
Nodira Kayimova, O‘zA
Turkiya