Anor sharbati xorijga eksport qilinmoqda
Mirzaobodning Dehqonobod mahallasida anorchilik sohasi allaqachon drayver sohaga aylanib ulgurgan. Aholining deyarli 90 foizi anorchilik, bog‘dorchilik, chorvachilik bilan shug‘ullanadi.
Hududdagi anor sharbatini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan "Tovuz granate" O‘zbekiston-Ozarbayjon qo‘shma korxonasi esa ular yetishtirayotgan anor mahsulotlarining asosiy xaridori hisoblanadi.
Qariyb 150 ming dollar hisobiga keltirilgan anor mahsulotlarini ezib, yanchiydigan, undan sharbatini ajratib olib, qayta ishlaydigan uskuna va jihozlar yordamida hech qanday qo‘shimchalarsiz qadoqlanayotgan "Tovuz granate" brendidagi anor sharbati shifobaxshligi bois, uning asosiy xaridorlari Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Janubiy Koreya kabi davlatlar hisoblanadi.
Bir kunda 3 tonna, bir yilda ming tonna anor mahsulotini qayta ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan korxonada 7 nafar doimiy, 50 nafar mavsumiy ishchi ishlaydi. Shunga yarasha daromadi ham yomon emas.
[gallery-19463]
–Bundan ikki yil muqaddam sodir bo‘lgan anomal sovuq anor mahsuloti yetishtiruvchilar faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi,–deydi "Tovuz granate"" O‘zbekiston-Ozarbayjon qo‘shma korxonasi rahbari Akromxon Sultonov.–Aholimiz xonadonlariga, anorchilikka ixtisoslashgan dehqon, fermer xo‘jaliklari dalalariga ekilgan, kuzda g‘arq pishadigan anorlarning kattagina qismini sovuq urib ketdi. Bu esa, faoliyatimizga anchagina salbiy ta’sir qildi.
O‘sha yili erta bahorda ekilgan “Qoraqayin” navli anorlar bu yil hosilga kirdi. Hosil cho‘g‘i ham yomon emas. Ushbu anorlarning boshqa viloyatlarda yetishtirilayotgan anorlardan farqli jihati– juda achchiq ham emas, juda shirin ham emas, birozgina nordon. Shu jihati bilan ham u o‘ta xaridorgir hisoblanadi.
Muammolar ham yo‘q emas. Tadbirkor tuman hokimligidan yangi anor plantatsiyasini ochish uchun yer so‘ragan. Biroq yer masalasi hal bo‘lmaganini aytmaganda hammasi joyida.
–Bilasizmi, ishlab chiqarishning quvvatini oshirish, tannarxini tushirish mahsulotga bog‘liq. Agar qayta ishlanayotgan mahsulotni o‘zimiz yetishtirsak, qadoqlanayotgan mahsulotimiz tannarxi yanada arzon bo‘ladi. Bu esa, qadoqlangan mahsulotlarimizning nafaqat ichki bozorda, xorijda ham xaridorgir bo‘lishiga zamin yaratardi,–deydi tadbirkor.
Eng muhimi, "Tovuz granate" O‘zbekiston-Ozarbayjon qo‘shma korxonasi xodimlari tomonidan joriy yilning iyun oyida 60 tonna mahsulot ishlab chiqarilgan bo‘lsa, yil so‘nggiga qadar yana 100 tonna mahsulot ishlab chiqarilib, eksportga jo‘natiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri