Anor, anjir, uzum festivali
Ko‘hna va boqiy Buxorodagi yetti pirdan ikkitasi – Xo‘ja ali Romitaniy va Muhammad Boboyi Samosiy Romitan tumani Qo‘rg‘on hududida mangu qo‘nim topgan. Bu yerda yashovchi aholisi juda mehnatkash. Qo‘rg‘onliklar azaldan anor, anjir, uzum yetishtirish hadisini olgan. Shuning uchun “Anor, anjir, uzum” festivali aynan Qo‘rg‘on hududida o‘tkazildi.
Festival Xo‘ja ali Romitaniy qadamjosi yonida o‘tkazildi. Tadbirda nainki romitanliklar, viloyat, respublika, hatto chet ellardan ham mehmonlar qatnashdi. Qo‘rg‘onliklar mehnatlari mevasi – anor, anjir, uzumlarning xilma-xil navlarini, ulardan tayyorlangan mahsulotlarni tatib ko‘rdi.
– Birgina anorning yigirma xildan ortiq navi bor, – deydi miyonsaroylik Muhayyo Islomova. – Mana bu nav-novvoti, donalari oqishcha bo‘lsada juda shirin, bunisi gulobi, yirik-yirik donaklik, jigarrang, juda shirin, nordon, o‘ta nordon anorlarimiz ham borki har kim istaganini tanovul qiladi.
Festivalga Rabot qishlog‘ida yashovchi Maqsad Murodova anjir qoqining bir necha navlarini olib keldi. Uning aytishicha, bu mahsulotlar respublika viloyatlari, Rossiya o‘lkalarigacha yetkazib berilar ekan.
–Farzandlarim, nevaralarim, evaralarim turli sohalarda ishlaydi. Ular bo‘sh vaqtini anorzor, anjirzorda o‘tkazadi, – deydi Azizon mahallasidan kelgan 80 yoshli Salomat aya Jo‘rayeva. – Mezon quyoshidan to‘yingan kelin barmoq, charos, toifi, qora kishmish, gulobi singari uzumlar shakar bog‘labdi. Xullas, qadimiy Qo‘rg‘ontepa hududi bag‘ri mehmonga, ularga uzatilgan anoru anjir, uzum navlariga to‘ldi.
– Juda mazali, bunaqasini tatib ham ko‘rmaganmiz, – deydi turkiyalik mehmon Inoy Zakir janoblari. Albatta, bu shirin mevalarni yurtimga ham olib boraman. Go‘zal festival haqida yurtdoshlarimga ham gapirib beraman.
Romitanlik san’atkorlar, folklor dastalarning chiqishlari hammani raqsga chorladi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA