Anna sharsharasi — tog‘ bag‘ridagi tabiat mo‘’jizasi
FOTOREPORTAJ
Navoiy viloyati Nurota tumanida joylashgan Anna qishlog‘i o‘zining betakror tabiati bilan ajralib turadi. Ushbu hududdagi Anna sharsharasi esa sayyohlar va tabiat ixlosmandlari uchun eng jozibador maskanlardan biriga aylangan.
Anna qishlog‘i hududida joylashgan sharshara tog‘ bag‘ridan otilib chiqadigan musaffo buloq suvlari hisobiga shakllangan. Tabiiy suv oqimi toshlar orasida sharqirab oqib, atrofga salqinlik va musaffolik bag‘ishlaydi.
Sharshara atrofi yilning turli fasllarida yashillikka burkanadi. Ayniqsa, bahor va yoz oylarida bu hudud tabiat qo‘ynida dam olish istagidagi mehmonlar uchun yanada jozibador manzilga aylanadi. Qushlar sayrashi, suv sharqirashi va mayin shamol insonga o‘ziga xos orom bag‘ishlaydi.
Mahalliy aholi orasida Anna sharsharasi muqaddas va barakali maskan sifatida ham qadrlanadi. Aytishlaricha, bu yer suvi musaffo va shifobaxsh xususiyatlarga ega.
[gallery-29397]
So‘nggi yillarda mazkur maskanga qiziqish ortib, Nurota tog‘lari bag‘ridagi ushbu go‘zal hudud ekologik turizmning diqqatga sazovor manzillaridan biriga aylanmoqda. Tabiatni asrab-avaylash va uni kelajak avlodga bezavol yetkazish esa har bir insondan mas’uliyat talab etadi.
Anna sharsharasi nafaqat tabiat mo‘’jizasi, balki insonni sokinlik va musaffolikka chorlovchi betakror maskan sifatida e’tirof etilmoqda.
Siroj ASLONOV (surat), O‘zA