Aniq maqsad va ustuvor vazifalar belgilab olindi
Sportda natija tasodifan kelmaydi — uning ortida aniq maqsad, tizimli tayyorgarlik va kuchli zaxira turadi. Sirdaryoda ana shu tizimni yanada mustahkamlash, ommaviy sportni kengaytirish, iqtidorli yoshlarni erta aniqlash va ularni katta sportga yo‘naltirish bo‘yicha aniq maqsad hamda ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Sirdaryo viloyati hokimligida Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining navbatdagi 40-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyatda jismoniy tarbiya va sportni yanada rivojlantirish, aholini, ayniqsa, yoshlarni ommaviy sportga keng jalb etish, iqtidorli sportchilarni saralash hamda yuqori natijalar sporti uchun munosib zaxira tayyorlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida 2026-yil 7-aprel kuni jismoniy tarbiya va sport sohasini yangi bosqichga olib chiqish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ilgari surilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash borasida viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy-tahliliy ruhda ko‘rib chiqildi.
Unda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, Sport vaziri Adham Ikromov, Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi raisi Pokiza Ahmedjanova, deputatlar, sport sohasi mutasaddilari hamda tegishli tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.
Ta’kidlanganidek, bugun sportni rivojlantirish faqat yuqori natijalarga erishish bilan cheklanmaydi. U aholi salomatligini mustahkamlash, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, sog‘lom turmush tarzini keng qaror toptirish va iqtidorli yoshlarni erta aniqlashning muhim omili hisoblanadi. Shu bois hududlarda ommaviy sportni rivojlantirish, mavjud infratuzilmadan samarali foydalanish, sport maktablari faoliyatini takomillashtirish va munosib sport zaxirasini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
[gallery-30789]
Sessiyada sohada erishilayotgan natijalar bilan bir qatorda mavjud muammolar ham ochiq muhokama qilindi. Xususan, sport maktablarida mashg‘ulotlar sifatini oshirish, iqtidorli sportchilarni saralash va ularni bosqichma-bosqich yuqori natijalar sportiga yo‘naltirish, sport inshootlaridan samarali foydalanish hamda hududlarda ommaviy sport tadbirlarini tizimli tashkil etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilishi qayd etildi.
Jumladan, 2026-yilda “Besh tashabbus olimpiadasi” hamda 2,8 mingdan ziyod ommaviy sport musobaqalarini o‘tkazish orqali 512 ming nafar aholini sportga jalb etish, kamida 2,2 ming nafar iqtidorli yoshni sport maktablariga saralab olish maqsad qilingan.
Bu jarayonda mahalla, ta’lim muassasalari va sport tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, yoshlarni sportga keng jalb etish va ularning qobiliyatini erta aniqlash muhim yo‘nalish sifatida qayd etildi.
Ayniqsa, iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularning sportdagi salohiyatini ro‘yobga chiqarishga alohida e’tibor qaratildi. Bunda mahallalarda sport bilan shug‘ullanayotgan yoshlarni aniqlash, ularni sport maktablariga jalb etish, malakali murabbiylarga biriktirish hamda musobaqalarda muntazam ishtirokini ta’minlashni qamrab olgan yaxlit tizimni shakllantirish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, 2026-yilda Yaponiyaning Aichi va Nagoya shaharlarida bo‘lib o‘tadigan yozgi Osiyo va Paraosiyo o‘yinlariga Sirdaryo viloyati sportchilarini puxta tayyorlash masalasi ham muhokama markazida bo‘ldi. Sportchilarning xalqaro musobaqalarda munosib ishtirokini ta’minlash, mashg‘ulot jarayonlarini kuchaytirish, ular uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish hamda yuqori natijalar sporti uchun munosib zaxira shakllantirish yuzasidan amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Sessiyada mazkur vazifalar ijrosini tizimli tashkil etish maqsadida sport sohasidagi maqsadli ko‘rsatkichlarni bajarish va ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish bo‘yicha viloyat ishchi guruhi faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Ishchi guruhga viloyat hokimining o‘rinbosari Otabek Mavlonberdiyev rahbarlik qilishi, viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Bo‘ronov esa ishchi guruh rahbarining o‘rinbosari etib tayinlandi.
Ishchi guruh tarkibidan Milliy Olimpiya qo‘mitasining hududiy bo‘limi, maktabgacha va maktab ta’limi, kasbiy ta’lim, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, sog‘liqni saqlash tizimi vakillari, shuningdek, tuman va shahar hokimlarining tegishli o‘rinbosarlari hamda sport boshqarmasi mas’ullari o‘rin oldi.
Mazkur ishchi guruhga vazifalar ijrosini muvofiqlashtirish, hududlarda amalga oshirilayotgan ishlarni tahlil qilish, aniqlangan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va natijadorlikni ta’minlash yuklanadi. Viloyat sport boshqarmasiga esa har oyda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan tahliliy axborot tayyorlab, belgilangan tartibda taqdim etib borish vazifasi qo‘yildi.
Muhokamalar davomida sportni rivojlantirishda ta’lim muassasalari, mahallalar, yoshlar tashkilotlari va sport muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish, aholi uchun yaratilgan sport imkoniyatlarini keng targ‘ib qilish, ayniqsa, qizlar va yoshlarni ommaviy sportga jalb etish muhimligi alohida ta’kidlandi.
Sessiya yakunida deputatlar tomonidan sport sohasidagi mavjud muammolarni hal etish, sport infratuzilmasidan samarali foydalanish, iqtidorli sportchilarni qo‘llab-quvvatlash va yuqori natijalarga erishish uchun zarur shart-sharoitlarni yaxshilashga qaratilgan qator taklif va tavsiyalar bildirildi.
Muhokamalar natijasida Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi tomonidan 2026-yilda jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
Unda ommaviy sportni yanada kengaytirish, aholining sport bilan muntazam shug‘ullanishini ta’minlash, iqtidorli yoshlarni saralash, sport maktablari faoliyati samaradorligini oshirish, yuqori natijalar sporti uchun munosib zaxira tayyorlash hamda xalqaro musobaqalarda Sirdaryo vakillarining munosib ishtirokini ta’minlashga qaratilgan aniq vazifalar belgilab berildi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA