Angliyalik velosayyoh O‘zbekistonda
Prezidentimizning 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan,velosport aholi o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda mamlakatimizdagi oltita ustuvor sport turlaridan biri etib belgilangan.
Velosport bilan shug‘ullanishning inson organizmi uchun foydali ekanligi hamda aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etishi jahon tajribasidan ham ma’lum.
Velosipedda sayohatga chiqishning o‘zgacha gashti borki, buni angliyalik velosayyoh Grinfel-Shou Lyuk Piter misolida ko‘rish mumkin.
Grinfel-Shou Lyuk Piter 24 yoshida juda kam uchraydigan va agressiv turdagi saraton kasalligiga chalindi. Bu tashxis uning hayotini ostin-ustun qilib yuboradi. Lyuk anglab yetdiki, u kasallikka chalinganini o‘zgartira olmaydi. Ammo qolgan umrini o‘zi istagandek o‘tkazishi mumkin. U butun dunyoni velosipedda kezishni xohlashini tushunib yetdi.

Shundan so‘ng Lyuk 2020 yil yanvar oyida hayotidagi eng muhim sayohatini boshladi. Bristol – Pekin yo‘nalishi bo‘yicha sayohatga chiqdi. Sayohati mobaynida 15dan ortiq mamlakatni velosipedda kezgan Lyuk saratonga chalingan insonlarga yordam berish uchun tuzilgan xayriya tashkilotlariga pul jamg‘arish ishlariga ko‘maklashdi. U ushbu kasallikka chalingan yoshlarga hayotining qolgan qismini mazmunli o‘tkazish hamda zavqlanib yashash kerakligini ta’kidlab kelmoqda.
O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, Grinfel-Shou Lyuk Piter ayni paytda O‘zbekistonda bo‘lib turibdi. Joriy yilning 26-27 may kunlari Nukus shahrida velosayyoh tantanali ravishda kutib olindi va turli xil uchrashuvlar tashkil etildi. Yoshlar bilan bo‘lgan muloqotda u O‘zbekistonga kelganidan va yangi do‘stlar orttirayotganidan juda ham mamnunligini bildirdi.

Shundan so‘ng Grinfel-Shou Lyuk Piter Xiva shahriga yo‘l oldi va bu yerda tarixiy obidalar, qadimiy qadamjolarga tashrif buyurmoqda. Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilayotgan hamda veloturizm rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shayotgan xorijlik velosayyoh Buxoro, Samarqand, Toshkent shahri bo‘ylab sayohatini davom ettiradi.
Mohigul Qosimova, O‘zA