Andijonlik kelinning da’vosi ijro etildi
Andijonlik Sabohat Azizova (ism-sharifi o‘zgartirildi) bir olam orzu-umidlar bilan Termiz shahriga kelin bo‘lib tushadi. Taqdirning sinovini qarangki, yaxshi niyatda qurilgan oilaga kutilmaganda darz ketadi. U oilaviy kelishmovchiliklar sababli turmush o‘rtog‘ining uyidan chiqib ketishga majbur bo‘ladi. Farzandlari onasidan uzoqlashtirilib, onaizorga ko‘rsatilmaydi.
Ona mehridan mosuvo qilingan ikki farzandini o‘z qaramog‘iga olishga qaror qilgan ayol nihoyat sudga murojaat etadi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Termiz tumanlararo sudida bolani olib berish to‘g‘risidagi da’vo arizasi ko‘rib chiqildi. Taraflar va xolislar ishtirokida voyaga yetmagan 2013 yil tug‘ilgan qiz va sakkiz yoshdagi o‘g‘il volidasi mehriyu, tarbiyasiga muhtojligi inobatga olinib, ularni ona tarbiyasiga qaytarish zarurligi belgilandi.

Mazkur sudning ijro hujjati Byuroning Termiz shahar bo‘limi ish yurituviga qabul qilinib, ijro harakatlariga kirishilgach, farzandlar qarzdor ota uyidan boshqa manzilga yashirilgani ma’lum bo‘ldi. Davlat ijrochisining qarori bilan ikki bola ham qidiruvga berildi.
-Tezkor qidiruv tadbirlari chog‘ida bolalar topildi, – deydi MIB Surxondaryo viloyati boshqarmasi inspektori Mavlon Qurbonnazarov. – Ular qarzdor otaning Samarqand viloyatida yashovchi qarindoshi uyidan qo‘nim topgan ekan. Farzandlar sog‘ - salomat ona tarbiyasiga topshirildi. Mehrga tashna bolalarini quchoq ochib, kutib olgan onaning ko‘zidagi quvonch yoshlari barchaga xursandchilik ulashdi.
Shu kuni davlat ijrochilariga minnatdorlik bildirgan ona farzandlarini bag‘riga bosib, Andijonga jo‘nab ketdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri