Andijonlik jurnalist ayollarga ehtirom ko‘rsatildi
8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bir guruh andijonlik jurnalistlar, soha faxriylariga ehtirom ko‘rsatildi. O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi tashabbusi bilan viloyatdagi ommaviy axborot vositalarida faoliyat yuritayotgan hamda soha faxriysi bo‘lgan jurnalist ayollar ishtirokida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda so‘z olgan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Andijon viloyati bo‘limi raisi Maxpuraxon Artiqova va boshqalar ijodkor opa-singillarimizni bayram bilan muborakbod etdi. Mamlakatimizda xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, ularning samarali faoliyat yuritishlari uchun yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar haqida gapirdi, xususan, matbuot sohasida ish olib borayotgan opa-sinillarimizni qo‘llab-quvvatlash, ularning o‘z ijodiy imkoniyatlaridan to‘laqonli foydalanishlariga ko‘maklashish, ijodiy faolligini yanada oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
[gallery-10897]
Ayni kunda Andijon viloyatidagi ommaviy axborot vositalarida 70 nafardan ziyod opa-singillarimiz samarali mehnat qilmoqda. Bundan tashqari, Jurnalistlar uyushmasi a’zolarining 30 nafardan ortig‘ini ham ayol jurnalistlar, faxriylar tashkil etadi. Ular samarali faoliyati, ustozlik o‘gitlari, yosh avlodni tarbiyalashdagi faolligi bilan jamiyat rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
– Ijod ahliga, ayniqsa, biz faxriy jurnalist ayollarga ko‘rsatilgan e’tibordan ko‘nglimiz tog‘day ko‘tarildi, – deydi faxriy jurnalist Rahimaxon Abdurahimova. – Kim bo‘lishidan, qaysi sohada ishlashidan qat’i nazar inson qadri ulug‘lanayotgan yurtimizga ko‘z tegmasin. Bayramlar bayramlarga ulansin.
Shuningdek, Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi tashabbusi bilan bir guruh ijodkorlar uyida betob yotgan, keksa jurnalistlar Maxpiratxon Tojixalilova, Habibaxon Abdurazzoqova hamda Musharrafxon Oxunovaning xonadonida bo‘lib, ularning xolidan xabar olindi, ularga bayram sovg‘alari topshirildi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA