Andijonlik fermerlar mo‘l hosil kutmoqda
O‘zbekiston fermer dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Haitov va Andijon viloyatidagi paxtakor fermerlar ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda qayd etilishicha, viloyatda joriy yil paxta-to‘qimachilik klaster korxonalari tomonidan 96 ming 99 tonna, ya’ni gektaridan o‘rtacha 49,3 sentnerdan hosil olinishi kutilmoqda.
Fermer xo‘jaliklari tomonidan esa 219 ming 865 tonna yoki gektaridan o‘rtacha 37,4 sentnerdan hosildorlik mo‘ljallanmoqda.
Ma’lumot uchun, bu yil viloyatda 79 ming gektar maydonda paxta xom ashyosi yetishtirilmoqda. Ushbu maydonlarda 315 ming 464 tonna «Oq oltin» yetishtirish maqsadida 2 ming 348 ta fermer xo‘jaligi hamda 19 ta paxta-to‘qimachilik klasterlari astoydil harakat qilmoqda.
Prezidentimizning joriy yilning 27 iyul kuni paxtachilikdagi dolzarb vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazgan yig‘ilishida bu borada muhim yo‘nalishlar belgilab berilgandi.

Viloyatning Bo‘ston tumanida bo‘lib o‘tgan muloqotda ham 2022 yil hosili uchun chigit ekib, maydonlardan paxta xom-ashyosi yetishtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga e’tibor qaratildi. Unda paxta narxining oshgani mehnatga yarasha rag‘batlantirishda qo‘l kelishi alohida ta’kidlandi.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yillarda 1 kilogramm paxta xom-ashyosining narxi 7 100 bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilda 10 025 so‘mga oshirilgan.
Uchrashuvda shuningdek, yozning sinovli kunlaridan g‘o‘za hosildorligini asrab qolish, terimga qadar bo‘lgan agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida bajarish borasida tavsiyalar berildi.
O‘zA