Andijonlik faol yoshlar taqdirlandi
Andijonda Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirlar va galakonsert yoshlarga xush va bayramona kayfiyat ulashdi.
Viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov yoshlarni bayram bilan muborakbod etib, mamlakatimizda yoshlar masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganligi, yurtimizda yoshlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, ularni qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligini ta’kidladi.
Bugun Andijon viloyati aholisining 55 foizini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. Butun mamlakatda bo‘lgani kabi viloyatda ham yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni o‘z iqtidor va salohiyatlarini yuzaga chiqarishlari uchun keng imkoniyatlar eshigi ochib berilgan.
Jumladan, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 3 fevraldagi “2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida Andijonda ham e’tiborga molik ishlar amalga oshirilmoqda.
Viloyat hokimi tashabbusi bilan Yoshlar ittifoqi va boshqa mutasaddi idoralar hamkorligida, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, bandligini ta’minlash borasida ibratli ishlar olib borilmoqda. Mazkur yo‘nalishda o‘ziga xos samarali tizim yaratildi.
Keyingi ikki yil ichida viloyatdagi 882 ta mahallada hech qanday faoliyat bilan shug‘ullanmay kelayotgani 18-30 yoshdagi yoshlar aniqlanib, ularning bandligini ta’minlash bo‘yicha manzilli ishlar tashkil etildi.
Aniq va rejali tizim asosida amalga oshirilgan ishlar natijasida uyushmagan yoshlarning bandligi ularning o‘z xohish va istaklaridan kelib chiqib ta’minlandi. Jumladan, bandligi ta’minlangan yoshlar tikuvchilik va tekstil, qurilish, qishloq xo‘jaligi sohalarida, shuningdek, davlat korxonalari hamda xususiy sektorda samarali faoliyat yuritmoqda.
Viloyatda yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, viloyat hokimligi, yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi, yoshlar ittifoqi viloyat kengashi tashabbusi bilan yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish maqsadida ko‘plab seminar-treninglar, biznesni boshqarish va rivojlantirish mavzularida o‘quv yig‘inlari tashkil etildi.
Bayram tadbirida ilm-fan, tadbirkorlik, san’at, sport kabi qator yo‘nalishlarda yuqori natijalarga erishib, tengdoshlariga namuna bo‘lib kelayotgan bir guruh faol yoshlar viloyat hokimining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Shundan so‘ng Andijon yoshlari simfonik orkestri jamoasi tomonidan jonli ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar, taniqli estrada xonandalari ishtirokidagi galakonsert yoshlarga xush kayfiyat ulashdi.
[gallery-2964]
F.Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA