Andijonlik eng sara raqqosalar aniqlandi
Z.M. Bobur nomidagi Andijon viloyat musiqali drama teatrida Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi “Milliy raqs ijrochilari” respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Milliy raqs san’atimizni yanada rivojlantirish, dunyo sahnalariga olib chiqish, iste’dodli milliy raqs ijrochilari hamda baletmeysterlarni kashf etish, yoshlarning o‘zbek milliy raqs san’atiga bo‘lgan qiziqishni oshirish, “Ustoz-shogird” an’analarini tiklashda har ikki yilda bir marta an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi “Milliy raqs ijrochilari” respublika ko‘rik-tanlovi muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tanlovning viloyat bosqichida 17 dan 25 yoshgacha bo‘lgan 30 nafar raqqosa o‘z mahorat va iste’dodini namoyish etdi.
Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, viloyat filarmoniyasi raqqosasi Nigina Sayfutdinova birinchi, Qo‘rg‘ontepa tumanidagi 27- bolalar musiqa va san’at maktabi o‘qituvchisi Sulolabonu G‘ulomova ikkinchi, uchinchi o‘rinni ikki ishtirokchi – Asaka tumani madaniyat bo‘limi vakilasi Qanoatxon Toirovaga hamda Jalaquduq tumanidagi 18-bolalar musiqa va san’at maktabi o‘qituvchisi Sug‘diyona Davlatova egalladi.

– Ijro etgan raqsim bilan tanlov g‘olibi bo‘lganligimdan, ijodim e’tirof etilganligidan juda xursandman, – deydi tanlov g‘olibasi Nigina Sayfutdinova. – Ushbu yutuq menga katta mas’uliyat yuklaydi, yanada shijoat bilan ijod qilishga undaydi. Endi tanlovning mamlakat bosqichida ham munosib ishtirok etishga harakat qilaman.
G‘oliblar tanlovning mamlakat bosqichida ishtirok etish huquqini olish bilan birga, madaniyat boshqarmasining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMURZOQOV (surat),
O‘zA