Andijonda tibbiyot xodimlariga ehtirom ko‘rsatildi
Andijon shaxridagi “Toshkent premium” tantanalar saroyida Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Har yilgidan-da ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazilgan bayramda shifokorlar, hamshiralar, davlat tashkilotlari rahbarlari, keng jamoatchilik, OAV vakillari, madaniyat va san’at namoyandalari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov keyingi yillarda tibbiyot tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamdagi islohotlar xususida so‘z yuritib, soha vakillarini kasb bayrami bilan qutladi.
Ta’kidlanganidek, tinchlik va sog‘liq – bu har bir inson uchun hech narsa bilan o‘lchab, baholab bo‘lmaydigan buyuk ne’mat. Tibbiyot xodimlari esa tunu kun xalq tinim bilmay dardiga malham bo‘lishdek mas’uliyatli va sharafli vazifani bajarmoqda.
[gallery-4660]
Ta’kidlash joiz, joriy yilda viloyatda qator tibbiyot muassasalarida qurilish-rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib, zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlanmoqda.
Shu ma’noda, tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, avvalo, inson manfaatlarini ta’minlash, fuqarolar salomatligini mustahkamlashga, ularning hayotdan, bugungi davr islohotlaridan rozi bo‘lib yashashiga xizmat qilmoqda.
Sana munosabati bilan Prezidentimiz farmoniga ko‘ra bir guruh tibbiyot xodimlari davlat mukofotlari bilan tantanali ravishda taqdirlandi. Shuningdek, soha ilg‘orlariga viloyat hokimining faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.
Zuhriddin UMURZOQOV (surat), O‘zA